Maskka qarshi yangi sud: Twitter aksiyalari qasddan arzonlashtirilganmi?
Olam
−
04 mart 1062 2 daqiqa
AQSHda milliarder tadbirkor Ilon Maskka qarshi aksiyadorlar tomonidan ochilgan sud ishi boshlandi. San-Fransiskodagi federal sudda ko‘rilayotgan da’voga ko‘ra, Mask 2022 yilda Twitterʼni 44 milliard dollarga sotib olishdan oldin kompaniya aksiyalari qiymatini tushirish uchun noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi bayonotlar berganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Da’vogarlar fikricha, Mask ijtimoiy tarmoqdagi soxta va spam akkauntlar soni haqida asossiz ma’lumotlar tarqatib, bozorga bosim o‘tkazgan. U 2022 yil 13 may kuni Twitterʼni sotib olish bo‘yicha kelishuv “vaqtincha to‘xtatilgani”ni bildirgan va platformaning taxminan 20 foizi soxta akkauntlardan iboratligini aytgan. Bu bayonotlardan keyin kompaniya aksiyalari keskin arzonlashgan.
Aksiyadorlar da’vosiga ko‘ra, bu harakatlar kompaniya qiymatini tushirish va keyinchalik bitim shartlarini o‘zgartirishga urinish bo‘lgan. Ular Mask AQSH qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunlarini buzib, bozorni ataylab chalg‘itganini ta’kidlamoqda.
Mask avval Twitterʼni sotib olishdan voz kechishga harakat qilgan, ammo kompaniya uni kelishuvni bajarishga majbur qilish uchun sudga murojaat qilgan. Oxir-oqibat, 2022 yil oktyabrda multi-milliarder avvalgi taklifini qabul qilib, platformani 44 milliard dollarga xarid qilgan. Keyinchalik u kompaniyada katta o‘zgarishlar o‘tkazib, xodimlar sonini qisqartirdi va 2023 yilda Twitter nomini “X” deb o‘zgartirdi.
Bu Mask ishtirokidagi ilk sud ishi emas. 2018 yilda “Tesla” kompaniyasini xususiylashtirish rejasi haqidagi bahsli bayonotlari yuzasidan ham u sudda ko‘rsatma bergan, ammo o‘sha ishda hay’at a’zolari uni aybsiz deb topgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum Ilon Maskni sudga bermoqchi ekani xabar qilingandi.
Live
Barchasi