Masofadan ishlash ruhiy salomatlikni yomonlashtiradi – tadqiqot
Salomatlik
−
06 iyun 1520 3 daqiqa
Amerikalik iqtisodchilar COVID-19 pandemiyasi davrida va undan keyin masofaviy ishga ommaviy o‘tish oxirgi bir necha yil ichida AQSHda ruhiy kasalliklar ko‘payishining taxminan uchdan bir qismiga sabab bo‘lganini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Science” jurnalida e’lon qilindi.
Ish mualliflari – Garvard, Virjiniya universitetlari va Nyu-York Federal zaxira banki olimlari pandemiyaning eng avj olgan yillarini (2020 va 2021 yillar) ataylab istisno qilgan holda 2011–2024 yillarda amerikalik ishchilar o‘rtasida o‘tkazilgan beshta reprezentativ so‘rovnoma ma’lumotlarini tahlil qilgan. So‘rovnomada taxminan 590 ming kishi ishtirok etgan. Tadqiqotchilar kasbi masofadan turib ishlashga imkon beradigan xodimlarni (dasturchilar, marketologlar) bunga imkoni bo‘lmaganlar (tibbiyot xodimlari, ishlab chiqarishdagi muhandislar, umumiy ovqatlanish sohasi xodimlari) bilan solishtirgan.
Pandemiyadan keyin masofaviy pozitsiyalardagi xodimlar “masofaviy bo‘lmagan” kasblardagi hamkasblariga qaraganda har bir ish kunini taxminan bir soat ko‘proq yolg‘izlikda o‘tkazadigan bo‘lgan. Ular orasida butun kunni birorta ham inson bilan muloqot qilmasdan o‘tkazadiganlar ulushi 72 foizga oshgan. Shu bilan birga, ishdan keyingi ijtimoiy hayot ham qisqargan – kechki payt do‘stlar bilan uchrashuvlar sezilarli darajada kamaygan.
Bunga parallel ravishda, “masofaviy ishchilar”da xavotirlik darajasini o‘lchaydigan Kessler shkalasi bo‘yicha ruhiy salomatlik ko‘rsatkichlari yomonlashgan. Psixiatrlarga murojaatlar soni va tayinlangan antidepressantlar miqdori ham ortib borgan. Mualliflar bu vaziyat shunchaki ish grafigining moslanuvchanligi (ish vaqtida shifokorga tez-tez borish imkoniyati) bilan bog‘liq degan taxminni istisno qilgan, chunki xuddi shu guruhda oddiy tibbiy ko‘riklar soni ham, xolesterin yoki qon bosimiga qarshi tayinlangan dorilar miqdori ham ko‘paymagan.
Bundan eng ko‘p yolg‘iz yashaydiganlar jabr ko‘rgan. Ular uchun butun kunni hech qanday muloqotsiz o‘tkazish ehtimoli 7 foizlik punktga oshgan – bu pandemiyadan oldingi darajaga nisbatan 83 foizlik holatda demakdir. Yolg‘iz yashovchi masofaviy ishchilarning xavotir darajasi oilasi bilan yashaydiganlarga qaraganda ikki baravar tezroq o‘sgan. Ularda antidepressantlar iste’moli ham butun guruh bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proqqa oshgan.
Mualliflar sun’iy intellektdan qo‘rqish natijalarni buzib ko‘rsatmayaptimi, degan omilni ham alohida tekshirib ko‘rgan, chunki masofaviy ishlashga imkon beradigan ko‘plab kasblar ayni paytda avtomatlashtirish xavfiga ham duchor bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, psixologik ta’sir ish joylarining avtomatlashtirish tufayli yo‘qolib ketish tahdidi bilan emas, balki aynan ish formati bilan izohlanadi. Tadqiqotchilar xulosa qilishicha, xodimlar masofaviy ishni tanlayotganda uning salomatlikka uzoq muddatli ta’sirini yetarlicha baholamaydi. Yo‘lga vaqt tejash kabi ijobiy tomonlar darhol ko‘zga tashlanadi, ammo ijtimoiy izolyatsiya asta-sekinlik bilan kuchayib boradi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun