Majburiy avtosug‘urta: avtoulov egalari manfaatlarining kafolatlangan himoyasi

Biznes

image

Ko‘pchilik kelasi yildan majburiy avtosug‘urtaning qimmatlashishi haqida eshitgan. Bu o‘zgarishlar haydovchilarni himoyalashni kuchaytirish va yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga qaratilgan. Biroq bir narsani tushunish muhim: gap faqat narxlarning ko‘tarilishi haqida emas, balki sug‘urtani rulda o‘tirgan har bir kishi uchun haqiqiy qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy himoya vositasiga aylantirishdir.

Keling, aynan nima o‘zgarayotganini va bu haydovchilar uchun qanchalik muhimligini ko‘rib chiqaylik.

Majburiy avtosug‘urta bo‘yicha sug‘urta qoplamasining eng kam miqdori 40 million so‘mdan 80 million so‘mgacha oshiriladi. Ushbu qaror xorijiy tajribani inobatga olgan holda qabul qilingan va haydovchilarning moliyaviy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Sug‘urta tovoni chegarasining oshishi, tabiiyki, uning narxiga ham ta’sir qiladi. Endi haydovchilar soni cheklangan yengil avtomobil egalari avtosug‘urta uchun quyidagi narxlarda to‘lashadi:

  • Hududlarda – 160 000 so‘m (hozirgi 40 000 so‘m o‘rniga);
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 192 000 so‘m (56 000 so‘m o‘rniga);
  • vaqtincha olib kirilgan chet el raqamidagi avtomobillar uchun – 320 000 so‘m.

Yuk avtomobillari uchun sug‘urta narxi esa quyidagicha o‘zgaradi:

  • Hududlarda – 280 000 so‘m (avvalgi 48 000 so‘m o‘rniga);
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida – 336 000 so‘m (67 200 so‘m o‘rniga);
  • vaqtincha olib kirilgan chet el raqamli avtomobillar uchun – 560 000 so‘m.

Bundan tashqari, o‘tgan 12 oyda sug‘urta hodisalari yuz bergan bo‘lsa, sug‘urta mukofotlari miqdori ham o‘zgaradi. YTHga uchragan haydovchilar ko‘proq to‘lashga majbur bo‘ladi:

  • Bitta YTH bo‘lgan bo‘lsa, 208 000–249 600 so‘m (avvalgi 80 000–112 000 so‘m o‘rniga);
  • ikki marta hodisa yuz berganda – 320 000–384 000 so‘m (avvalgi 100 000–140 000 so‘m o‘rniga);
  • uch va undan ortiq hodisa yuz berganda – 480 000–576 000 so‘m.

Yo‘llardagi avtomobillar soni ortib bormoqda, transport oqimi zichlashmoqda, shu bilan birga, xavf-xatar ham ko‘paymoqda. Buning ustiga, mashinalar qimmatlashmoqda, ularni ta’mirlash, ehtiyot qismlar va YTHdan keyingi tibbiy yordam narxlari ham oshmoqda. Zamonaviy avtomobillar elektronika bilan jihozlangan bo‘lib, hatto arzimas shikastlanishlar ham katta mablag‘ talab qilishi mumkin.

Bunday sharoitda sug‘urta qoplamasining oshirilishi zararni yaxshiroq qoplash imkonini beradi: sog‘liq, hayot va mulk uchun to‘lovlar ikki barobar ko‘payadi. Bu shuni anglatadiki, YTH yuz berganda, barcha xarajatlarni o‘z cho‘ntagingizdan qoplashingizga to‘g‘ri kelmaydi – qiyin vaziyatda ko‘proq yordam olasiz.

Haydovchilar soni cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish tartibi ham o‘zgardi. Endilikda haydovchilar soni cheklanmagan polisda yaqin qarindoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga hojat yo‘q, ular avtomatik ravishda sug‘urtalanadi. Agar haydovchilar soni cheklangan polis rasmiylashtirilsa, ularni ariza va polisda albatta ko‘rsatish kerak. Sug‘urta kompaniyasi tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun ushbu farqni albatta tushuntirib berishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi, endilikda  majburiy sug‘urta qilish bilan bog‘liq masalalar va nizolar yuzasidan huquqiy maslahat, YTH to‘g‘risidagi xabarnoma bilan bog‘liq adjasterlik va baholash xizmatini ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘ldi. 

Majburiy avtosug‘urta – bu yo‘l harakati xavfsizligi tizimining muhim elementi bo‘lib, u zararlarni adolatli taqsimlashga yordam beradi va haydovchini jiddiy moliyaviy yo‘qotishlardan himoya qiladi. Shu bilan birga, polis narxi ko‘tarilsa-da, bu o‘zini oqlaydi: yangi shartlar ikki baravar ko‘p sug‘urta to‘lovlarini, shaffof rasmiylashtirish qoidalarini va kengaytirilgan xizmatlarni nazarda tutadi. Bu sug‘urtani xavfsizligingiz va xotirjamligingiz uchun haqiqatan ham ishonchli yechimga aylantiradi.


Maqola muallifi

Teglar

xavfsizlik avtosug'urta majburiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing