O‘zbekistonlik ayollar tinchlik va xavfsizlik indeksida kuchli yuztalikka kirdi 

Jamiyat

image

Amerikaning Jorjtaun universitetining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi (Women, Peace and Security Index) 2025/26 yillar reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 181 davlat orasida 98-o‘rinni egalladi. Bu haqda universitetning rasmiy sayti ma’lum qildi.  

Qayd etilishicha, mazkur indeks metodologiyasi 13 ta ko‘rsatkichga asoslanib, ayollarning ahvolini xavfsizlik, adolat va ijtimoiy hayotdagi ishtirok kabi uch asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi. Reytingda O‘zbekistonning umumiy balli 0,674 ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yomon natijani qayd etgan. 

Markaziy Osiyo davlatlari Ayollar tinchlik va xavfsizlik indeksida quyidagi o‘rinlarni egalladi:

•  Qozog‘iston – 72-o‘rin;

•  Turkmaniston – 74-o‘rin;

•  Qirg‘iziston – 84-o‘rin;

•  Tojikiston – 89-o‘rin;

•  O‘zbekiston – 98-o‘rin; 

O‘zbekistonda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sifatida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish darajasi hamda ayollarning o‘rtacha ta’lim olish muddati (taxminan 11,8 yil) qayd etilgan. Shuningdek, parlamentda ayollar ulushi qariyb 34 foizni tashkil etgani ham ko‘rsatib o‘tilgan. 

Hisobotga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari – taxminan 11 foiz, moliyaviy inklyuziya ko‘rsatkichlari – 40 foizdan past, shuningdek, huquqiy adolatga ega bo‘lish 4 ballik shkalada 1,8 ball bilan baholangan. 

Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston ayollar huquqlari, xavfsizligi va jamiyatdagi ishtiroki bo‘yicha 181-o‘rinni egallab, reytingda eng past natijani qayd etgan. Mamlakatda ayollarning harakatlanishi, ta’lim olishi va mehnat faoliyati jiddiy cheklangan.

2025/26 yilgi indeksda Daniya 0,939 ball bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Mutaxassislar mazkur indeks ayollarning huquqlari va xavfsizligi jamiyat barqarorligi va tinchlik darajasining muhim ko‘rsatkichi ekanini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT 2024 yilda dunyo bo‘ylab 83 ming, aniqrog‘i har kuni o‘rtacha 137 nafar ayol yoki qiz turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshi tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekistonlik xavfsizlik ayollar indeks tinchlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing