Mehribon ona yoki sovuq hisob-kitob? Kitob ortidagi qonli sir fosh bo‘ldi

Olam

image

Yuta shtatida uch farzandli ona Kori Richins eri vafotidan bir yil o‘tib, bolalarga ota yo‘qotish dardini yengishga yordam beradigan kitob yozdi. “Are You With Me? – Sen men bilanmisan?” nomli kitob mahalliy telekanallarda targ‘ib qilindi, muallif esa mehribon ona sifatida e’tirof etildi. Taasufki, oradan bir necha hafta o‘tib, u erini o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda APP xabar berdi.

Qayd etilishicha, 35 yoshli Richinsga nisbatan og‘irlashtirilgan qotillik, suiqasdga urinish, qalbaki hujjat tayyorlash, ipoteka va sug‘urta firibgarligi kabi o‘nlab ayblovlar qo‘yilgan. U barcha ayblarni rad etmoqda. Sud jarayoni tez orada boshlanadi va bir oy davom etishi kutilmoqda.

Prokurorlar versiyasiga ko‘ra, Richins 2022 yil mart oyida eri Erik Richinsga fentanil aralashtirilgan kokteyl ichirib, uni zaharlagan. Tergov materiallari qayd etishicha, uning qonidan o‘limga olib keladigan me’yordan besh baravar yuqori doza aniqlangan. Ayblovchilar moliyaviy qiyinchiliklar va boshqa erkak bilan munosabat uning ehtimoliy motivi bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Hujjatlarda yana bir da’vo bor: Valentin kunida ham u erini zaharlashga uringan bo‘lishi mumkin. Eri o‘sha kuni sendvichdan bir tishlab, hushidan ketgani va xotini uni zaharlashga uringanini do‘stlariga aytgan.

Ishda asosiy guvoh sifatida uy xizmatchisi Karmen Lauber ko‘rsatilmoqda. U Richinsga fentanil tabletkalari berganini aytgan, ammo himoya tomoni uning ko‘rsatmalariga shubha bildirmoqda.

Moliyaviy masala ham markazda: tergovga ko‘ra, Richins eri nomiga qariyb 2 million dollarlik hayot sug‘urtasi rasmiylashtirgan, katta qarzlarga botgan va ipoteka hujjatlarini qalbakilashtirgan.

Bir paytlar “dardni yengish” haqida kitob yozgan ayol endi o‘zi og‘ir ayblovlar markazida. Sud hay’ati uning keyingi taqdirini tez orada e’lon qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 55 yoshli ayol ichkilikka mukkasidan ketgan erini o‘ldirganlikda ayblanib, 12 yilga qamalgan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

kitob hibsga olindi zahar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing