Meksikada samolyot quladi. Qurbonlar bor
Olam
−
10:17 2286 1 daqiqa
Meksikada favqulodda qo‘nishga urinayotgan kichik xususiy samolyot qulashi oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Qayd etilishicha, samolyot Meksikaning Tinch okeani sohilida joylashgan Akapulkodan parvoz qilib, Mexiko shahridan taxminan 50 kilometr g‘arbda joylashgan sanoat hududi — San-Mateo-Atenkoda qulagan.
U futbol maydoniga qo‘nishga harakat qilgan, biroq yaqin atrofdagi korxonaning metall tomiga urilib, yirik yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Shtat Fuqaro muhofazasi koordinatori Adrian Ernandesning aytishicha, bortda sakkiz nafar yo‘lovchi va ikki nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatdan bir necha soat o‘tib, hozircha yetti nafar jasad topilgan.
Yong‘in tufayli atrofdagi hududdan 130 ga yaqin kishi evakuatsiya qilingan. Halokat sabablari hozirda o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ivanovo viloyatida An-22 samolyoti qulagan edi.
Live
Barchasi