Meksikalik model qayerga g‘oyib bo‘ldi: kannibalizm haqiqatlari
Tahlil
−
15 fevral 246388 6 daqiqa
2009 yil 3 avgust oqshomida yosh model Gabriela Riko Ximenes Meksikaning Monterrey shahrida joylashgan hashamatli mehmonxona yonidagi kutilmagan nutqi bilan hammaning e’tiborini tortdi. Gap shundaki, model dunyoning elita qatlam vakillarini dahshatli jinoyat – kannibalizmda ayblayotgan, o‘zi esa shaxsiga nomunosib tarzdagi bir ko‘rinishda edi. Gabriela o‘zi taklif qilingan bazmda elita vakillari tomonidan odam go‘shti yeyilganini iddao qilgan.
“Ular insonni yedi. Ular insonni yedi. Men bexabar edim. Men ozodlikni xohlagandim”, deya yig‘lab baqirgan model.
Ko‘p o‘tmay uni politsiya xodimlari olib ketgan va shundan keyin model Gabriela Riko Ximenesni hech kim ko‘rmagan. Ammo holat aks etgan tasvirlar hamon ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinadi. O‘shanda modelning kuchli narkotik ta’sirida bo‘lgani va davolanish uchun ruhiy shifoxonaga yotqizilgani haqidagi fikrlar ham mavjud. Ammo ko‘pchilik uni “yo‘qottirilgan” deb hisoblaydi. Ushbu ikki qarash ham o‘z isbotini topmagan. Lekin yagona fakt shuki, o‘shandan buyon Gabriela haqida hech qanday yangi ma’lumot mavjud emas. Xo‘sh, model iddao qilayotgan kannibalizm o‘zi nima? Odam odam go‘shtini iste’mol qilishi qanchalik haqiqatga yaqin?
Mazkur maqolada mashhur avstraliyalik antropolog Shirley Lindenbaumning ilmiy tadqiqotlari asosida kannibalizm haqidagi bir qancha ma’lumotlar keltiriladi. Тадқиқотга ko‘ra, insoniyat tarixi kannibalizm bilan “bezatilgani”ni inkor etib bo‘lmaydi. Turli jamoalarda kannibalizm turlicha g‘oyalar asosida amalga oshiriladi. Masalan, ba’zilar ajdodlar ruhlari bilan birlashish uchun qarindoshlari jasadini iste’mol qiladi; ba’zilar urush sharoitida dushmanlarini yeyish orqali g‘azablarini ko‘rsatadi, ba’zilar esa vafot etgan qarindoshiga “kirib olgan kasallik, sehr va yovuz ruhlarni jazolash uchun” uning jasadini iste’mol qiladi. Arxeologlar kannibalizm aslida uzoq tarixda ko‘pgina xalqlar orasida mavjud bo‘lgan degan fikrni olg‘a surishadi. O‘tgan asrda antropologlar tomonidan kannibalizmning Papua-Yangi Gvineya, Janubiy Amerika va Afrikada mavjudligi haqidagi hujjatlashtirilgan hisobotlar e’lon qilindi.
Tadqiqotlar natijasida 1500 dan ortiq turdagi tirik jonzotlarda kannibalizm kuzatilgani aniqlangan. Ya’ni kannibalizm faqat inson go‘shtini iste’mol qilishni anglatmaydi, u yanada kengroq tushuncha bo‘lib, hayvonlarning ham o‘z turdoshlari go‘shtini iste’mol qilishini ifodalaydi. Antropofagiya atamasi yunoncha anthropophagia (“inson yeyish”) so‘zidan olingan bo‘lib, aynan insonlar kannibalizmiga nisbatan ishlatiladi.
Tarixi

Kanniballar haqidagi dastlabki ma’lumotlar qadimgi Yunoniston va Rim davrlariga to‘g‘ri keladi, asarlarda ular ko‘pincha dunyoning o‘rganilmagan joylaridagi hayvonga ham, insonga ham o‘xshash afsonaviy mavjudotlar sifatida tasvirlangan. Masalan, miloddan avvalgi 800 yillarda yaratilgan “Odisseya” dostonida kemalarni cho‘ktirgan bahaybat kanniballar qabilasi tasvirlangan. Bundan tashqari, “tarix otasi” Gerodot o‘zining “Tarix” asarida dunyoning chekkalarida yashagan odamxo‘r xalqlar haqida yozgan. Kanniballar bilan real uchrashuvlar o‘rta asrlarda boshlangan. Xristofor Kolumb 1492 yilda o‘zining Antil orollariga qilgan safarida o‘sha yerlik tub aholi – kariblarni inson go‘shti iste’mol qiluvchilar sifatida tasvirlagan va kannibal atamasi aynan shu qabila nomidan kelib chiqqan. Biroq zamonaviy tarixchilar kannibalizm mavjudligini inkor etmagan holda Kolumbning bu iddaosi siyosiy va diniy maqsadlarda bo‘rttirilgan hikoya bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashadi. Chunki Yevropaliklar ba’zan yangi yerlardagi aholini “vahshiy” sifatida ko‘rsatish orqali ularni bosib olish va nazorat qilish harakatlarini oqlashga urinib kelgan.
Kanniballar qayerlarda uchratilgan?
Papua-Yangi Gvineya. 1922 yildan 1943 yilgacha hukumat antropologi sifatida faoliyat yuritgan Frensis Edgar Uilyams o‘sha paytda Avstraliya boshqaruvida bo‘lgan Yangi Gvineyadagi inson kannibalizmi haqida etnografik ma’lumotlarni birinchilardan bo‘lib chop ettirgan.

Hududdagi qabilalardan biri Orokayva (Orokaiva) agressiv, jangovar xalq bo‘lib, tez-tez bosqinchilik janglarini uyushtirib turgan va mag‘lublar go‘shtini iste’mol qilgan. Muallif fikricha, bunga yaxshi ovqatga bo‘lgan oddiy istak sabab bo‘lgan. Shuningdek, Keraki (Keraki) jangovar qabilasi ham qo‘shnilarga uyushtirilgan “muvaffaqiyatli” hujumlardan qaytgach, ziyofatlar qilishgan. Bunday tantanalar boshqa qabila kelib, ularni ham paqqos tushirmagunlaricha davom etgan.
1930 yillarning boshlarida Yangi Gvineya tog‘larida yashovchi ilgari noma’lum bo‘lgan bir millionga yaqin odamlar topildi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi tinchlik muhiti antropologlarga dunyoning o‘rganilmagan mintaqalarida tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatini berdi. 1960 yillarda Papua-Yangi Gvineyada missionerlar yordami bilan qabila ahli o‘rtasida kannibalizmga nisbatan nafrat uyg‘otishga erishilgach, bu amaliyot keskin kamaydi va deyarli yo‘qoldi.

Janubiy Amerika. 1550 yilda nemis dengizchisi Xans Shtaden Tupi hindulari (Tupi Indians) tomonidan asirga olingan va bu haqda “Asirlikdagi haqiqiy tarix” asarini yozgan. U hindularning kundalik yovvoyi hayotlari haqida, shuningdek, kannibalizmning guvohi bo‘lgani va bir necha marta o‘zini navbatdagi qurbon deb o‘ylaganini ma’lum qilgan. Janubiy Amerikadagi kannibalizmning asosiy maqsadi jasadni yo‘q qilishdan tashqari, tiriklar va o‘liklar ruhlari o‘rtasidagi aloqani uzish bo‘lgan va dafn marosimlarining bir qismi sifatida ko‘rilgan.

Afrika. Afrikadagi kanniballar haqidagi dastlabki ma’lumotlar XVI asr savdogar, tadqiqotchi va missionerlar qo‘lyozmalarida uchraydi. Biroq zamonaviy afrikaliklar ajdodlarining odamxo‘r bo‘lgani haqidagi fikrlarni keskin rad etadi va buni shunchaki stereotip deb ataydi. Ularning fikriga ko‘ra, kannibalizm da’vosi odamlarga tahdid qilish uchun ishlatiladigan kuchli siyosiy qurol usuli hamdir.
Kannibalizm hozir ham mavjudmi?

Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda qabila shaklida yashovchi ba’zi odamlarning kanniballar ekani haqidagi iddaolarni uchratamiz. Hindistonlik sayohatchi bloger Dheraj Mina Indoneziyaning tarixan kannibalizm bilan shug‘ullangan va hozir ham shunday deb qaraladigan Korovai (korowai) qabilasiga ekskursiya uyushtirdi. Uning qabila urf-odatlari va o‘tmishdagi an’analari haqida ma’lumot bergan videolari millionlab marta tomosha qilindi. Indoneziyaning qalin o‘rmonlarida yashovchi Korovai qabilasi asrlar davomida yakka holda yashab kelmoqda hamda ovchilik, terimchilik va baliq ovi bilan kun kechiradi. Sayohatchi Minaning tushuntirishicha, qabila ahli o‘z urf-odatlariga ko‘ra, kiyim kiymaydi, erkaklar va ayollar alohida uylarda yashaydi. Shuningdek, Mina qabila ahlidan tarixiy kannibalistik amaliyotlari haqida ham so‘ragan. Qabila a’zolaridan birining aytishicha, qabilalararo nizolar ko‘p bo‘lgan paytda uning ajdodlari odam go‘shtini iste’mol qilgan va eng oxirgi amaliyot 16 yil oldin bo‘lgan. U hozirda bunday odat umuman mavjud emasligini bildirgan.
Insonlar orasida kannibalizm (antropofagiya) sodir etilganiga inkor etib bo‘lmas dalillar mavjud bo‘lsa-da, tashqi dunyo bilan aloqa va boshqa bir qancha faktorlar natijasida hozirda bu amaliyotni butunlay yo‘qolgan deyish mumkin, garchi ularning hayot tarzi hamon ibtidoiy shaklda davom etayotgan bo‘lsa ham. Ochig‘ini aytganda, kannibalizm bilan bog‘liq savollar hamon bahslar markazida. Meksikalik modelning iddaolari (zamonaviy dunyoda ham antropofagiya mavjudligi) va uning g‘oyib bo‘lishi kabi savollar esa o‘z javobini topishi mushkul.
Live
Barchasi