Meloni Trampdan “Tinchlik kengashi”ning formatini o‘zgartirishni so‘radi

Olam

image

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni mamlakat konstitutsiyasiga zid bo‘lgani sababli Trampdan G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ning formatini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Italiya sulh ichida bo‘lishi kerak. Bu haqda u kecha, 23 yanvar kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan bo‘lib o‘tgan hukumatlararo sammitda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni AQSH Prezidenti Donald Trampdan G‘azo sektorini qayta qurish va boshqarish bo‘yicha “Tinchlik kengashi” formatini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Meloni va Mersning fikricha, kengashda amalda bo‘lgan qaror qabul qilish tizimi milliy suverenitetning bir qismini tashqi organga topshirishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv esa ularning konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritmasdan turib qabul qilinishi mumkin emas. Shu sababli Italiya va Germaniya kengash tuzilmasini isloh qilish, uni yanada ochiq va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratadigan mexanizmga aylantirishni taklif qilmoqda.

“Tashabbus tuzilishida ob’ektiv muammolar mavjud, biz buni hatto konstitutsiyaviy deb hisoblaymiz. Bugungi kunga kelib, bizga taqdim etilgan qonun konstitutsiyaga zid va shuning uchun bizning huquqiy tizimimizga mos kelmaydi. Menimcha, bu zarur va men amerikaliklardan ushbu kelishuvni qayta ko‘rib chiqishga tayyormi yoki yo‘qmi, deb so‘radim”, deydi Meloni.

Shu bilan birga, huquqiy kelishmovchiliklarga qaramay, Jorja Meloni Yevropa Ittifoqi davlatlarini AQSH bilan ziddiyatga kirishmaslikka chaqirdi. Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, Yevropa Ittifoqi Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarda qat’iy, ammo vaziyatni keskinlashtirmaydigan siyosat yuritishi zarurligini bildirgan.

“Tinchlik kengashi” joriy yilning 22 yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida rasman tashkil etilgandi. AQSH ommaviy axborot vositalarida BMTga muqobil tuzilma sifatida aytilayotgan ushbu kengash 19 ta davlat rahbari va vakillari tomonidan nizom imzolangach, xalqaro tashkilot maqomini oldi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davosda AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi va kengashning ta’sischi davlatlaridan biriga aylandi. O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatning nega “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Italiya G'azo Jorja Meloni Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing