Men ham tirbandlikda turdim – Prezident (video)

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta o‘zi rulga o‘tirib, mashina haydaganida tirbandlikda qolganini aytdi. Bu haqda u bugun, 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Mehmon ham, xalqimiz ham yo‘lga qarab mamlakatning iqtisodiyotiga baho beradi. O‘tgan shanba-bozor kuni o‘zim rulda yurib keldim. U yo‘llarda rulda kim ekanini hech kim bilmaydi. Lekin men ham tirbandlikda turdim 15-20 minut. El qatori keldik”, dedi Prezident.

Davlat rahbari kechasi uyiga qaytib kelayotgan odamlarning tirbandlikda qolib ketishdan kayfiyati o‘zgarishini aytdi.

Shuningdek, Prezident ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklarning ma’muriy binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilganidan, shusiz ham tirband ko‘chalarda ularning xodimlari yo‘lni 2-3 qatorini “parkovka” qilib olganidan aholi norozi ekanini qayd etdi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 15 ming nafar haydovchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Poytaxtda ham, yirik shaharlarda ham qonuniy “parkovkalar” yetishmagani uchun ular mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majburligini bildirgan. 

“Umuman, oddiy haydovchilar dardini eshitadigan odam, muloqot platformasi yo‘q”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlash topshirildi.

Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, “parkovka” qilib olgan hududlarda foto va video kameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi.  Endilikda hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmasligi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev tirbandlik yo'llar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing