Mercedes-Benz'ga qarshi tergov tugadi. Evaziga u 150 mln dollar to‘laydi
Texnologiya
−
23 dekabr 1494 2 daqiqa
Kecha, 22 dekabr kuni Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeyms Mercedes-Benz kompaniyasi avtomobillarga havo ifloslantirish darajasini past ko‘rsatadigan soxta dastur o‘rnatgani yuzasidan tergov yakunlanganligini ma’lum qildi. Bu haqda “The Nyu-York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniya avtomobil ishlab chiqaruvchisi dizel yoqilg‘isi chiqindilarini soxtalashtirish bilan bog‘liq uzoq davom etgan tergovni yakunlash maqsadida AQSH shtatlari bilan 149,6 million dollarlik kelishuvga erishgan. Ushbu kelishuv AQSHdagi dizel dvigatellar bilan bog‘liq huquqiy mojarolarga nuqta qo‘yishi kutilmoqda. Mojaro ilk bor 2015 yil sentyabrida Volkswagen atrofida yuzaga kelgan va “Dieselgate” nomi bilan tanilgan edi.
AQSHning 48 shtati, shuningdek Puerto-Riko va Kolumbiya okrugi bilan tuzilgan bitimga ko‘ra, Mercedes-Benz chiqindi tizimlari majburiy ta’mirdan o‘tkazilgan dizel avtomobillari egalari va ijarachilariga jami 149,6 million dollar to‘laydi. Shuningdek, har bir zararlangan avtomobil uchun 2000 dollargacha kompensatsiya ajratiladi.
Kompaniya dizel avtomobillariga maxfiy noqonuniy dasturiy ta’minot o‘rnatgan. Ushbu dastur davlat sinovlari vaqtida chiqindilar miqdorini sun’iy ravishda kamaytirib ko‘rsatgan, biroq avtomobilni haydash vaqtida avtomobillar ruxsat etilgan me’yordan 30-40 baravar yuqori ifloslantiruvchi gazlarni chiqargan.
Virjiniya shtati bosh prokurori Jeyson Miyaresning aytishicha, kelishuv 2023 yil avgustiga qadar ta’mirlanmagan yoki foydalanishdan chiqarilmagan 39 565 ta avtomobilga taalluqlidir. Kompaniya har bir bunday transport vositasi uchun tasdiqlangan emissiya modifikatsiyasi dasturini o‘rnatish xarajatlarini qoplaydi, kengaytirilgan kafolat taqdim etadi hamda iste’molchilarga qo‘shimcha to‘lov amalga oshiradi.
Mercedes-Benz vakili mazkur kelishuv kompaniyaning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatmasligini, barcha xarajatlar uchun yetarli zaxira ajratilganini bildirdi. Shuningdek, kelishuvlar sud tomonidan yakuniy tasdiqlanishi lozimligi qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda Mercedes-Benz AQSH hukumati va qariyb 250 ming nafar avtomobil egasi bilan dizel chiqindilari bo‘yicha da’volarni hal qilish uchun 2,2 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan edi.
Mazkur tergov 2020 yilda boshlangan bo‘lib, u avvalroq Volkswagen’ga qarshi ochilgan va kompaniya 20 milliard dollardan ortiq jarima va kelishuvlarga tortilgan mashhur “Dieselgate” mojarosining davomiy oqibatlaridan biri hisoblanadi. Hozirda dunyoning bir qator yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari ushbu mojaro doirasida sud jarayonlariga duch kelmoqda.