Messi faoliyatini Argentinada davom ettirishi mumkin

Sport

image

Argentinaning “Nyuells Old Boyz” futbol klubi sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messini 2027 yilning birinchi yarmida jamoaga qaytarish loyihasi ustida ishlamoqda. Bu haqda klub vitse-prezidenti Xuan Manuel Medina TN nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Medinaning ta’kidlashicha, loyiha amalga oshishi uchun hukumat amaldorlari ham jarayonga jalb etilgan bo‘lib, ular Messining klubga qaytishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga ko‘maklashmoqda. Dastlabki aloqalar 2024 yilda o‘rnatilgan va futbolchining atrofidagilar bilan ilk muzokaralar o‘tkazilgani tasdiqlangan.

“Biz Messining 2027 yilning birinchi yarmida “Nyuells Old Boyz”da o‘ynashi uchun ishlayapmiz, ammo hozircha bu faqat g‘oya. Bu klub doirasidan tashqariga chiqadigan loyiha – Rosario shahri, viloyat va butun Argentina futboli uchun muhim tashabbus. Hammasi infratuzilma va raqobatbardosh sport loyihasi bo‘yicha nimalarni taklif qila olishimizga bog‘liq. Biz allaqachon Messi jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazdik, biroq hozircha aniq qaror yo‘q”, deydi Medina.

Ma’lumot uchun, Lionel Messi Ispaniya chempionati, “Barselona” hamda Argentina terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. U milliy jamoa bilan ikki bor Amerika Kubogi (2021, 2024), Finalissima (2022) va 2022 yilgi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Argentinalik futbol yulduzi 2023 yildan buyon AQSHning “Inter Mayami” klubida o‘ynamoqda. 2025 yil dekabr oyida u jamoasi bilan MLS chempionligini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Argentina “N'yuells Old Boyz”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing