Meta’ga qarshi millionlik da’vo: kompaniya shov-shovli sud qaroridan shikoyat qildi
Olam
−
07 may 1539 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlar yoshlar ruhiy salomatligiga zarar yetkazadimi? AQSHda aynan shu masala yuzasidan yirik sud jarayonlari davom etmoqda. Los-Anjeles sudi sudlar hay’ati yaqinda Meta va Google platformalarni foydalanuvchilarni o‘ziga qaram qilib qo‘yadigan tarzda ishlab chiqqan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgandi. Endi esa Meta ushbu hukmni bekor qilishni talab qilmoqda. Bu haqda “Retuers” xabar berdi.
Joriy yilning 4 may kuni sudga topshirilib, 6 may kuni ommaga e’lon qilingan arizada Meta ishni ko‘rib chiqqan sudyadan hakamlar hay’ati qarorini bekor qilishni, kompaniya foydasiga hukm chiqarishni yoki yangi sud jarayoni tayinlashni so‘ragan. Kompaniya arizasida o‘zini AQSHdagi “230-bo‘lim” qonuni himoya qilishini qayd etgan. Ushbu qonun odatda onlayn platformalarni foydalanuvchilar joylagan kontent uchun javobgarlikdan ozod qiladi. Meta’ga ko‘ra, sudda taqdim etilgan dalillar ayolning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari platformadagi avtomatik ijro, cheksiz skroll kabi funksiyalar emas, balki u ko‘rgan kontent bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida sudyalar hay’ati Meta va Google platformalarni yaratishda ehtiyotsizlik qilgani hamda foydalanuvchilarni ehtimoliy xavflar haqida yetarlicha ogohlantirmagan, degan qarorga kelgan edi. Sud qaroriga ko‘ra, Meta 4,2 million dollar, Google esa 1,8 million dollar miqdorida tovon puli to‘lashi kerak. Google ham ushbu qaror ustidan apellyatsiya berishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Ish bo‘yicha javobgar sifatida jalb qilingan Snap va TikTok esa sud boshlanishidan oldin da’vogar bilan kelishuvga erishgan.
Da’vogar Kaley GM advokatlari esa hozircha masala yuzasidan izoh bermagan. Meta, YouTube va boshqa ijtimoiy tarmoqlar kompaniyalari AQSH bo‘ylab shunga o‘xshash minglab sud da’volariga duch kelmoqda. Da’volarda kompaniyalar platformalarni foydalanuvchilarni o‘ziga qaram qilib qo‘yadigan tarzda ishlab chiqqani va bu o‘smirlar hamda yoshlar orasida ruhiy salomatlik muammolarini kuchaytirgani aytilmoqda. Quyi instansiya sudlari hozirgacha kompaniyalarning “230-bo‘lim” asosida da’volarni bekor qilish bo‘yicha urinishlarini asosan rad etgan. Biroq ekspertlarga ko‘ra, ushbu qonunning qanday talqin qilinishi kelajakda internet kompaniyalari faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
2023 yilda ham AQSHning 40 dan ortiq shtati Meta’ga qarshi sud da’vosi kiritib, kompaniyani Facebook va Instagram orqali yoshlar ruhiy salomatligiga zarar yetkazishda ayblagan.
Zarnigor Xudoyberdiyeva
Live
Barchasi