Sotqin ChatGPT, tan olinayotgan Falastin, Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi yangi rishta – Midweek
Tahlil
−
31 iyul 11448 16 daqiqa
Joriy hafta o‘rtasigacha O‘zbekiston va jahonda ro‘y bergan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
Ash-Shara va’dalarini bajarmoqda
Suriyaning muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara mamlakat ichki va tashqi muammolari bilan kurashib kelmoqda. U bu bilan bir paytda hokimiyatga kelganda bergan vadalarinimg ham ustidan chiqishni unutgani yo‘q. Jumladan, Suriyada 15-20 sentyabr kunlari Majlis ash-Shab, ya’ni parlamentga navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tishi aytilmoqda. Damashq saylovlar uchun iyun oyidayoq tayyorgarlikni boshlagandi va saylov komissiyasi tuzilgandi. Komissiya raisi Muhammad Taha al-Ahmad esa 26 iyul kuni Ahmad ash-Sharaga saylov o‘tkazish rejalarini taqdim etdi. Endi faqat ash-Shara tegishli farmonni imzolashi kerak bo‘ladi va undan keyin uch hafta ichida Suriyada saylov organlari tuziladi. So‘ngra nomzodlar tegishli arizalarni topshirishlari va debatlar o‘tkazishi mumkin.
Ayni damdagi rejaga ko‘ra, respublika xalq kengashi tarkibiga 210 nafar deputat kiradi. Biroq ularning faqat uchdan ikki qismi fuqarolar ovozi bilan saylanadi – qolgan 70 nafari mamlakat prezidenti tomonidan tayinlanadi. O‘tish davrida parlament Suriya uchun yangi qonun loyihasini ishlab chiqish va mamlakat uchun doimiy konstitutsiya yaratishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Barchaga ma’lum Suriya uchun yangi konstitutsiya ishlab chiqish ham Sharaning xalqqa va dunyo hamjamiyatiga bergan va’dalaridan biridir. Joriy yil mart oyida ash-Shara o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzolagandi. Unga ko‘ra, muvaqqat parlament vakolat muddati dastlab uch yil bo‘ladi, shundan so‘ng organ qayta saylanishi mumkin. Shu bilan birga, Xalq kengashi davlat rahbarini lavozimidan chetlashtirish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqiga ega bo‘ladi.
Tailand va Kambodja kelishib oldi
Joriy yilning 24 iyul kuni Tailand va Kambodja o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar 5 kun davom etdi. 100 yildan ortiq vaqt davomida kelishib olinmagan chegara muammosi va biroz diniy motiv ham mavjud bo‘lgan bu mojaroda 36 nafar inson halok bo‘ldi. Janglar asosan chegaraning shimoliy qismida, qirg‘oqdan uzoqda va Tailandning Janubiy Xitoy dengizi sohilidagi mashhur dengiz qirg‘oqlarida bo‘lib o‘tdi. Oqibatda chegara hududlaridan 200 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Kambodjalik harbiylar razvedka uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanib, qirollik hududiga raketa zarbalari bergani aytildi. Chegaradagai janglar 3-4 kun davom etdi. Harbiylar mojaro hududiga safarbar etildi, Tailand harbiy-havo kuchlari Kambodja hududiga aviazarbalar yo‘lladi. Bu orada esa 26 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp har ikki davlat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bir kun o‘tib Tailand va Kambodja muzokaralarda ishtirok etishi ma’lum qilindi.
28 iyulga kelib esa ular Malayziyada uchrashishdi va “zudlik bilan va shartsiz otashkesim”ga kelishib olishdi. Kelishuv mahalliy vaqt bilan yarim tunda kuchga kirishi belgilandi. Muzokaralarda vositachilik qilgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomon ham “o‘z pozitsiyalarini bildirgan va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, keskinlikni yo‘qotish, tinchlik va xavfsizlikni tiklashga tayyor ekanini namoyish qilgan”. Ma’lum bo‘lishicha, muzokaralarda AQSH va Xitoy vakillari ham ishtirok etgan va nizolashayotgan tomonlarni murosaga keltirish uchun ularga tasir o‘tkazgan. Yakunda esa Tailand Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechayachay va Kambodja Bosh vaziri Xun Manet AQSH Prezidenti Donald Trampga muzokaralarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Samarqanddagi “qo‘ziqorin” bino buziladi
Qurilishi 2012 yilda boshlangan, ortda qolgan yillar davomida ko‘p bor tilga tushgan va hatto xorij OAV da ham muhokama qilingan, kulguga qolgan Samarqanddagi “qo‘ziqorin” bino buzilishi boshlangani haqida xabarlar chiqqandi. 2015 yilda beton ishlari to‘liq tugatilib, keyingi 2 yil davomida bezak ishlari amalga oshirilgan mazkur 12 qavatli g‘alati inshootni qurish uchun hokimning qarori yoki boshqa tegishli davlat organlarining ruxsatlari olinmagani, shunchaki, uy atrofida istiqomat qiluvchi 5 ta qo‘shnining rozilik xati olingani ma’lum qilingandi. Mazkur holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirib chiqdi. Qayd etilishicha, Samarqand tumani “Jo‘yisoy” mahallasida fuqaro Furqat Halilov tomonidan o‘z uyining bir qismini buzib, o‘rniga mehmonxona qurilishi hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan. Qurilishda qator kamchiliklar aniqlangan. Xususan, yuqorida takidlanganidek, loyihaga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi mavjud emas, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i yo‘q, muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan, belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan, qurilish ob’ektida foydalanilgan materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi sertifikatlar taqdim etilmagan va bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan binoning seysmologik jihatdan talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.
Yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsada, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng “Konstant Proyekt” MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. “Triumf Proyekt” MCHJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan esa to‘liq ishlab chiqilmagan loyiha hujjatlariga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda xulosa berilgan. Qurilish ishlari davomida tuman qurilish bo‘limi va hududiy nazorat qilish inspeksiya xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsada, bino egasi fuqaro Furqat Halilov tomonidan ishlar o‘zboshimchalik bilan davom ettirilgan. Mehmonxona qurilishi ob’ekti bo‘yicha maxsus litsenziyaga ega “SVP MASKAN” MCHJ mutaxassislari tomonidan 2016 yilda binoning texnik holati o‘rganilib, rigel va temir beton ramalarni kuchaytirish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha xulosa berilgan. Biroq ushbu kuchaytirish bo‘yicha tegishli loyiha ishlab chiqilmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, mehmonxona bo‘lishi kerak bo‘lgan bu bino haqida keng jamoatchilik asosan 2022 yilda xabar topgandi. O‘shanda binoning shakli ko‘pchilikni e’tiborini tortgan va hatto uning ko‘rinishi chetda ham muhokama qilingan hamda qaysidir ma’noda kulguga qolishga ham sabab bo‘lgandi. 2022 yilning 6 may kuni “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti AJ ning xulosasiga asosan binoning suv ta’minot, tashqi tarmoqlar va inshootlar qurilishi me’yorlari va qoidalariga hamda qurilishda ishlab chiqarishni tashkil qilish talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketgani ham o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan. O‘sha yilning 6 iyulida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan Furqat Halilovga Samarqand tumani “Jo‘yisoy” MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshootni o‘z hisobidan buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan va ijro uchun yuborilgan.
Eng qizig‘i shuncha yildan buyon, aniqrog‘i agar 2016 yildan ya’ni binoning qurilishi boyicha dastlabki talab va ogohlantirishlar berilgan paytdan boshlab hisoblansa, salkam 9-10 yildan beri xato va kamchiliklarni to‘g‘irlamay kelgan Furqat Halilov “do‘ppi tor kelganda” Prezidentga yig‘lab murojaat qildi. U o‘z murojaatida davlat rahbarida ancha yillardan beri noqonuniyligi va talablarga javob bermasligi aytib kelinadigan binosini buzilishini to‘xtatishni iltimos qildi.
Shimoliy Koreya Janubning taklifiga “tupurdi”
Esingizda bo‘lsa, oldinroq Janubiy Koreyaning yangi Prezidenti Li Chje Myon o‘zining dastlabki matbuot anjumanlaridan birida mamlakat konstitutsiyasida ko‘rsatilganidek, Shimoliy Koreya bilan tinch birlashuv tarafdori ekanini aytgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, u yana Pxenyan bilan buzilgan aloqalarni tiklashga chaqirdi. Janubiy Koreya yetkachisi bu gapini o‘sha safar matbuot anjumanida emas, balki o‘ta jiddiy yig‘inda prezidentlik davridagi ilk Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytgandi. Biroq joriy haftada Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Markaziy qo‘mita bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Kim Yo Chjon Janubiy Koreyaning yangi Prezidenti tomonidan bildirilgan muzokaralarni tiklash haqidagi takliflarni qat’iyan rad etgani ma’lum qilindi. Bu Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreyada iyun oyida ish boshlagan yangi Prezident ma’muriyatiga bildirgan birinchi rasmiy munosabati bo‘ldi. Kim Yo Chjonning bayonotida keltirilishicha, Shimoliy Koreya hozirda Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratgan va Janubiy Koreya hamda AQSH bilan diplomatik aloqalarni tiklash niyatida emasligini ko‘rsatgan.
2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasida o‘ziga xos qiziq qarama qarshilik yuzaga kelgandi. Shimoliy Koreya janubga bir necha bor axlat to‘ldirilgan sharlar, Jnubiy Koreya esa shimolga pul, fleshka va disklar bilan to‘ldirilgan sharlar uchirgandi. Sodda qilib aytganda o‘shanda har kim o‘zida bor narsani ulashgandi. Ammo ortda qolgan oylar davomida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi emas, balki haqiqiy demokratik tizimga ega bo‘lgan Janubiy Koreya tomonidan keskinlikni yumshatish uchun bir qancha choralar ko‘rildi. Jumladan, chegaradagi ovoz kuchaytirgichlar orqali translyatsiyalar to‘xtatilgani, tashviqot sharlarining uchirilishi cheklangani va dengizdan qutqarib olingan 6 nafar shimol fuqarosi qaytarib yuborilgani qayd etilgan. Ammo diktatorning singlisi Kim Yo Chjon bu harakatlarning barchasi Pxenyan uchun hech qanday ma’no kasb etmasligini bildirgan.
“Seul qanday siyosat yuritmasin, qanday takliflar bermasin, bu bizni qiziqtirmaydi. Uchrashish uchun sabab ham, muhokama qilishga arzigulik masala ham yo‘q”, degan u.
Rostdan ham Shimoliy Koreya ayni damda Rossiya bilan juda yaqin aloqalarga ega. Ukrainaga qilingan bosqin ikki o‘rtadagi munosabatlarni haddan ziyod jipslashtirdi. Kim Chen In Putin bilan aloqani yaqinlashtirishni o‘z askarlarining hayotidan ustun qo‘ydi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil davomida u Rossiyaga 10 mingdan ortiq qo‘shin yubordi va ular asosan Kurskni qaytarish uchun harakat qilgani takidlandi. Pxenyan eshiklari esa Kreml mulozimlari uchun doim ochiq. Sergey Lavrov va Shoygu bu yerga juda ko‘p tashrif buyuradigan bo‘ldi. Hatto Lavrov Pxenyanda ochilgan yangi kurortda mehmon bo‘lgan birinchi xorijlik siyosatchi bo‘ldi. Bundan tashqari Kim Chen In G‘arb davlatlariga keskin ogohlantirish bilan ham chiqdi. U agar AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyaga qarshi hujum qilsa, Shimoliy Koreya Qurolli kuchlari zudlik bilan harakatga o‘tishi aytib, bu Pxenyanning muqaddas burchi ekanini takidlagandi. Mazkur bayonot esa Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasiga endi qil ham sig‘masligini anglatadi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bordi-yu Shimoliy Koreya suverenetitiga xavf tug‘ilsa Rossiya ham shunday shaylikka intiladimi yoki Liviya, Suriya va yaqinda Eronda bo‘lgani kabi sichqon ini ming tanga bo‘ladimi? Kim Chen In va uning rejimi buni yaxshi tushunadi va agarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush yakuniga yetgach, Pxenyan Rossiyaga ortiq kerak bo‘lmasligi mumkin. Ayrim tahlilchilar voqealar rivojining mazkur versiyasida Kim Chen In o‘z tashqi siyosat yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq uning hisobida Moskvadan tashqari Pekin varianti ham borligi inobatga olinmayapti. Shu bois ko‘p ehtimol Koreya yarimorolining geografiyasi hali beri o‘zgarmasa kerak. Ular o‘rtasidagi sovuq aloqalar ham.
Rossiyada migrantlarga yana bir cheklov
Joriy haftada Rossiyada migrantlar uchun yana bir cheklov amalga kirdi. Markaziy Osiyolik xususan O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tomonidan eng ko‘p tanlanadigan Rossiyaning yirik shaharlaridan biri Sankt-Peterburgda taksoparklarga patent asosida faoliyat yuritadiagn chet elliklarni ishga olish taqiqlandi. E’tibor bering, patent bu chet el fuqarosining bu mamlakat hududida qonuniy ishlash huquqini beruvchi hujjat hisoblanadi. Uni Rossiya bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari rasmiylashtirishi lozim, ya’ni masalan o‘zbekistonliklar va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan mehnatkashlar. Bu ushbu migrantlarning Rossiya hududida biron bir to‘siqsiz ishlashini kafolatlardi, ammo endi patent ham haydovchilik qilishda yordam bermaydi. Hozircha Sank-Peterburgda.
Qayd etilishicha, mazkur taqiq aynan “yengil avtomobillar taksisi va haydovchisi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillar” sohasiga nisbatan joriy yil oxirigacha joriy etilgan. Bunday qaror ikkita sababga ko‘ra kuchga kirgani takidlangan. Sankt-Peterburg shahri gubernatori farmoyishiga ko‘ra, bu cheklov taksichilik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Sun’iy intellekt sudda sizga qarshi ishlaydi!
Bugun maslahat va sirdosh o‘laroq ota-onalar, oilaning boshqa a’zolari, yaqinlar, do‘stlar va ustozlar o‘rnini tobora kengroq egallab borayotgan ChatGPT'ga qaramlik haddan ziyod oshib bormoqda. Shu kungacha dunyo bo‘ylab u bilan bog‘liq qator g‘ayrioddiy holatlar kuzatildi. Kimdir eri bilan ajrashib u bilan turmush qurdi, yana kimlardir ushbu sun’iy ong bilan virtual ishqiy munosabatda. Biroq ChatGPT'ni o‘ziga sirdosh tutish, unga ichidagi bor dardini to‘kib solish fatal oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda. Buni qandaydir mutaxasis yoki oddiy kuzatuvchilar emas, balki shu sun’iy intellektning asoschisi ochiq-oydin tan oldi. Gap shundaki, kun kelib sun’iy intellekt bilan bo‘lgan shaxsiy suhbatlar, sudda dalil sifatida sizga qarshi ishlatilishi mumkin. ChatGPT'ga egalik qiluvchi OpenAI rahbari Sem Altman “This Past Weekend” podkastida juda ko‘p odamlar psixologik yordam uchun ChatGPT'ga murojaat qilayotgani, ammo bu xavfsiz emasligini ma’lum qildi.
“Agar siz ChatGPT bilan eng shaxsiy masalalaringiz haqida muloqot qilayotgan bo‘lsangiz va keyinchalik sud ishi yoki shunga o‘xshash holat yuz bersa, bizni buni taqdim etishga majburlashlari mumkin”, deydi Sem Altman.
Ha, agarda qandaydir noo‘rin ishga qo‘l ursangiz yoki aralashib qolsangiz, bu holatdan chiqib ketish va muammoni hal qilish uchun ChatGPT yaxshi va ishonchli variant emas. Sem Altman bunday ehtimoliy xavfdan norozi. U sun’iy intellekt bilan yozishmalar psixiatr va yuridik sohadagi maxfiylik singari himoyalanishi kerakligini talab qilmoqda.
“Qonun vrach yoki yurist bilan bo‘lgan muloqot sirini himoya qiladi – “vrachlik siri bor, yuridik maxfiylik mavjud”, ammo ChatGPT bilan muloqot qilganingizda bu qanday bo‘lishi haqida hali javob yo‘q”, deydi OpenAI rahbari.
O‘zbekiston qonunchiligida bunday amaliyot hozircha bor yoki yo‘qligidan xabarimiz yo‘q. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham hech bo‘lmaganda o‘z xavfsizligingiz va boshqa shaxsiy tasirchan ma’lumotlaringizni maxfiyligi uchun ChatGPT'dan iloji boricha ehtiyotkorona foydalanish tavsiya etiladi. Mutaxasislar anchadan buyon bu haqda eslatib kelmoqda.
To‘qayev Erdo‘g‘an huzuridan nimalar bilan qaytdi?
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 28 iyul kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyaga bordi. Poytaxt Anqaradagi Esenbog‘a xalqaro aeroportida Qozog‘iston yetakchisini Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning shaxsan o‘zi kutib oldi. Aeroportdagi kutib olish atmosferasi va undan keyingi jarayonlar juda yuqori tempda o‘tdi. Trapdan tushishi bilan To‘qayev Erdo‘g‘anga mushmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Tashrifning asosiy tadbirlari 29 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. To‘qayevning Turkiyaga rasmiy tashrifi odatdagidek Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Shundan so‘ng Qozg‘iston prezidenti asosiy masalalarga o‘tdi va Turkiyadagi 4 ta yirik kompaniya rasmiylari bilan uchrashdi. “YDA Holding”, “S Sistem Lojistik”, “Tiryaki Holding” va “Orzax Grup” kompaniyasi shular jumlasidandir. direktorlar kengashi raisi Selman Alimo‘g‘li shular jumlasidandir.
Yakunda esa Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov Prezident To‘qayevning Anqaraga rasmiy tashrifi dasturi doirasida turk biznesi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar umumlashtirib, Qozog‘istonga 160 milliard tenge sarmoya kiritilishini ma’lum qildi. Ikki o‘rtadagi yana bir asosiy masala bu logistika edi. “Samruk-Kazina” kompaniyasi boshqaruvi raisi Nurlan Jakupov Prezidentning Turkiyaning logistika xizmatlari sohasidagi yetakchi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi yakunlarini sarhisob qilib, mamlakatning tranzit salohiyatini yaxshilash maqsadida Aqto‘be shahrida yangi transport-logistika xabi ochilishini bildirdi. Shundan so‘ng ikki yetakchining uchrashuvuga keldi. Anqaradagi Prezident saroyida Qosim-Jomart To‘qayevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari dastlab yakkama-yakka muzokara o‘tkazdi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga tayyorligini tasdiqladi. Keyin esa Qosim-Jomart To‘qayev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qozog‘iston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 5-yig‘ilishini o‘tkazdi. To‘qayevning so‘zlaridan u Turkiya bilan yaqinlikni qadrlayotgani va bundan jud mamnunligi ko‘rinib turgandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdoni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgani qayd qilindi. Endi esa ular bu hajmni 15 milliard dollargacha ko‘tarmoqchi. To‘qayev Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishini ta’kidlab, kemasozlik sohasiga Turkiya sarmoyasini jalb etishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, Kengash majlisida delegatsiyalar energetika sohasidagi hamkorlik masalalari, jumladan, Boku-Tbilisi-Jayhon neft quvuri orqali eksport hajmini oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Qozog‘iston Prezidenti turk sarmoyadorlarini qo‘shma jamg‘arma tuzib, tog‘-kon sanoati va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish loyihalarida ham ishtirok etishga chaqirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonda yetishtirilgan g‘allaning chorak qismi, paxtaning uchdan bir qismi va glyutenning 26 foizi Turkiyaga eksport qilinadi. Umuman olganda, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasida turk ishbilarmonlari ishtirokida umumiy qiymati 1 milliard 300 million dollarlik 23 investisiya loyihasi amalga oshirilar ekan. Ulardan 18 tasi ishga tushirilib, mahsulotlar xalqaro bozorga yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv ishtirokchilari mudofaa sanoati, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, moliya, fuqaro aviatsiyasi, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Bundan tashqari, turizm sohasidagi ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish maqsadida Qozog‘istonda Turkiya fuqarolari uchun 90 kunlik vizasiz rejim o‘rnatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. To‘qayevga Turkiyaning eng yuqori darajali oliy ordeni – “Davlat nishoni” topshirildi.
Tan olinishi yaqin bo‘lgan Falastin
28 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotida Fransiya va Saudiya Arabistoni qo‘shma raisligida Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish va “Ikki davlat yechimi”ni amalga oshirish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya start oldi. Bu juda uzoq kutilgan, Nyu-Yorkda o‘tkazilishiga qaramay, undan minlab km uzoqlikdagi Yaqin Sharq mintaqasida urush boshlangani bahonasi bilan ortga surilgan konferensiya edi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu yig‘ilishda so‘z olar ekan, dunyo og‘ir damni boshdan kechirayotgani va ikki davlatning paydo bo‘lishi “hech qachon bunchalik uzoq” bo‘lmaganini qayd etdi. U mazkur yig‘in bosqinchilikka barham berish va ikki davlat yechimida ortga qatib bo‘lmas taraqqiyotni tezlashtiradigan burilish nuqtasi bo‘lishi kerakligini aytdi. Bosqinchilik deganda esa Gutterish aynan qaysi holatni nazarda tutgani nomalum. Ammo uzoq va yaqin o‘tmish kim bosqinchilik qilayotganini ochiq oydin ko‘rsatadi.
BMT shtab-kvartirasida o‘tkazilgan brifingda bu konferensiyaning ikki tashkilotchisi Fransiya va Saudiya rasmiylari ham o‘z pozitsiyalarini bildirib o‘tdi. Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad tinchlik o‘rnatish imkoniyatini aniq bayon etish ekanini ta’kidladi. Jan-Noel Barroning so‘zlariga ko‘ra, 120 dan ortiq davlat vakillari konferensiyada qatnashib, G‘azoning urushdan keyingi kelajagi bo‘yicha umumiy qarashni ma’qullashni rejalashtirmoqda. Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo esa HAMAS G‘azo sektoridagi hukmronligini tugatishi va qurollarini Falastin ma’muriyatiga topshirishi kerakligini aytdi. Shu o‘rinda Mustafo aytayotgan ma’muriyatga ozgina tarif berib o‘tish o‘rinli. Bu Isroil chizgan chiziqdan chiqmaydigan va aparteid zulmi ostida yashashga rozi bo‘lib kelayotgan ma’muriyatdir. Mahmud Abbos boshqarishi kerak bo‘lgan o‘sha G‘arbiy sohilda Isroil askarlari istaganicha bosqinchilik harakatlarini amalga oshiradi.
BMT konferensiya o‘z yo‘liga va ko‘rinib turibdiki bu hozircha kutilganidek va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ancha paytdan buyon takidlab kelganidek qandaydir tasirli natija bergani yo‘q. Ammo dunyo bo‘ylab Falastinning tan olinish jarayoni yaqindek tassurot uyg‘otayotgan yangiliklar mavjud. Xususan, Kanadada bu voqelik bugun har qachongidanda yaqindek ko‘rinmoqda. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa agar sentyabr oyidagi BMT Bosh assambleyasigacha G‘azodagi holat o‘nglanmasa, Qirollik Falastinni tan olishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan O‘rtayer dengizi orol davlati hisoblanmish Malta ham aynan shu Assambleyada Falastinni davlat sifatida rasman tan olishi ma’lum qilindi.
Live
Barchasi