Millionlab muxlislar mundialni tomosha qila olmasligi mumkin

Sport

image

Dunyodagi eng ko‘p aholiga ega ikki mamlakat – Hindiston va Xitoyda millionlab futbol muxlislari 2026 yilgi Jahon chempionatini tomosha qila olmasligi mumkin. Bunga sabab – translyatsiya huquqi bo‘yicha kelishuv haligacha hal etilmagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Hindistonda “Reliance–Disney” qo‘shma korxonasi 2026 yilgi mundial translyatsiyasi uchun 20 million dollar taklif qilgan. Biroq bu summa FIFA talab qilgan narxdan ancha past bo‘lgani sababli rad etilgan. Sony kompaniyasi ham muzokaralar olib borgan, ammo iqtisodiy jihatdan manfaatli emas deb hisoblab, taklif kiritishdan voz kechgan.

Xitoyda ham holat noaniqligicha qolmoqda. Hozircha mamlakatda Jahon chempionati translyatsiyasi bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilinmagan. Bu esa odatiy amaliyotdan keskin farq qiladi. Masalan, 2018 va 2022 yillarda Xitoy davlat telekanali – CCTV musobaqadan ancha oldin translyatsiya huquqini qo‘lga kiritib, reklama va targ‘ibot ishlarini boshlagan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilgi Jahon chempionatida Xitoy dunyo bo‘yicha raqamli platformalardagi ko‘rish soatlarining qariyb 49,8 foizini tashkil etgan. Televizion auditoriyada esa Xitoy ulushi 17,7 foiz, Hindistonniki esa 2,9 foizni tashkil qilgan. Ikkala mamlakat birgalikda raqamli striming auditoriyasining 22,6 foizini bergan.

Ma’lumot o‘rnida, 2026 yilgi turnir 11 iyun kuni start oladi. Bu esa kelishuvga erishish, translyatsiya infratuzilmasini tayyorlash va reklama bozorini shakllantirish uchun atigi bir necha hafta vaqt qolganini anglatadi.

Manbalarga ko‘ra, FIFA dastlab Hindiston uchun 2026 va 2030 yilgi mundiallar translyatsiya huquqlarini 100 million dollarga baholagan. Keyinchalik bu narx pasaytirilgan bo‘lsa-da, 20 million dollarlik taklif tashkilotni qoniqtirmagan. 2022 yilda esa “Reliance” kompaniyasi ushbu huquqlarni taxminan 60 million dollarga sotib olgan va musobaqani 110 milliondan ortiq raqamli tomoshabin kuzatgan.

Mutaxassislar fikricha, bu safar qiziqish nisbatan past bo‘lishi mumkin. Chunki musobaqa AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi va o‘yinlarning ko‘p qismi Hindiston vaqti bilan yarim tundan keyin namoyish etiladi. Shuningdek, mamlakatda futbol kriket kabi ommaviy sport turi hisoblanmaydi.

Xitoyda esa taxminan 200 million futbol muxlisi borligiga qaramasdan, sportning tijoriy jozibadorligi va milliy jamoa muvaffaqiyatlarining cheklangani bozorga ta’sir ko‘rsatmoqda. Reklama bozoridagi pasayish ham vaziyatni murakkablashtirgan. Manbalarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklar, xususan, Eron bilan bog‘liq vaziyat reklama daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shunday qilib, dunyo futbolining eng yirik turniri arafasida ikki ulkan bozorda translyatsiya masalasi hali ham ochiq qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA’ning chiptalarni qayta sotish saytida Jahon chempionati finali uchun to‘rtta chipta savdoga qo‘yilgani, ularning har biri deyarli 2,3 million dollarga teng ekanligi xabar qilingan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

FIFA muxlislar mundial

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing