“Minnesota to‘yib ketdi”. AQSHda chegara xizmati bir erkakni otib o‘ldirdi
Olam
−
24 yanvar 6279 1 daqiqa
Bugun, 24 yanvar kuni AQSH chegara xizmati xodimlari Minneapolis shahrida bir erkakni otib o‘ldirdi. Bu haqda “Star Tribune” xabar berdi.
Hodisa ertalab Minneapolisning janubiy qismida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, erkak voqea joyida vafot etgan. AQSH Ichki xavfsizlik departamentining “Fox News”ga ma’lum qilishicha, uning qo‘lida to‘pponcha bo‘lgan.
“Qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlayapmiz. Jamoatchilikdan xotirjamlikni saqlashni va ushbu hududdan chetlab o‘tishni so‘raymiz”, deya bayonot bergan shahar hokimiyati.
Minnesota gubernatori Tim Uols Oq uy bilan “yana bir dahshatli otishma”ni muhokama qilganini bildirgan.
“Minnesota bunday holatlardan to‘yib ketdi. Bu jirkanch”, deb yozgan u X’da.
Shuningdek, Uols AQSH Prezidenti Donald Trampni zudlik bilan Minnesota shtatidan “minglab zo‘ravon va yetarli tayyorgarlikka ega bo‘lmagan ofitserlar”ni olib chiqishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 yanvar kuni AQSH Migratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimi minneapolislik 37 yoshli Reni Gudni otib o‘ldirgandi. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari o‘tkazildi. 13 yanvar kuni Minnesota rasmiylari shtatda ICE kuchlarining joylashtirilishi sababli AQSH federal hukumatiga qarshi sudga murojaat qilgan.
Live
Barchasi