Pentagon Minnesotaga 1500 nafar askar yubormoqchi

Olam

image

Kecha, 18 yanvar kuni AQSH Mudofaa vazirligi Alyaskada joylashgan qariyb 1500 nafar harbiyni yirik norozilik namoyishlari boshlanishi xavfi sababli Minnesota shtatiga joylashtirish bo‘yicha buyruq berdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Minnesotadagi vaziyat joriy yil 7 yanvar kuni keskinlashgan. Bunga shtatning Minneapolis shahrida 37 yoshli ayol Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimi tomonidan otib o‘ldirilgani sabab bo‘lgandi. Shu voqeadan so‘ng aholi va federal kuchlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaya boshladi.

Mamlakat Prezident Donald Tramp joriy yilning 15 yanvar kuni immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) xodimlari soni oshirilganidan so‘ng, agar shtat rahbariyati namoyishchilar tomonidan immigratsiya xodimlariga hujumlarning oldini olmasa, Isyon to‘g‘risidagi qonunni ishga solib, harbiy kuchlardan foydalanishini ma’lum qilgan.
 
Kecha, 18 yanvar kuni esa Pentagon 1500 nafar askarni Minnesota shtatiga joylashtirishga buyruq bergan. Biroq hozircha askarlar ushbu shtatga yetib borgani yoki bormagani noma’lum.

Minneapolis meri Jeykob Frey harbiy kuchlarning shahar hududiga kiritilishi vaziyatni yanada keskinlashtirishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar allaqachon xavfsiz bo‘lib, tinch norozilik namoyishlarini nazorat qilish uchun 3000 nafar immigratsiya va chegara xizmati xodimlari yetarli.

“Bu juda hayratlanarli qaror. Bizga ko‘proq qurolli kuchlar kerak emas, shahar xavfsiz”, deydi Frey NBC telekanaliga bergan intervyusida.

Donald Tramp Minnesota shtatiga immigratsiya xodimlari yuborilishini bir necha bor shtatda ijtimoiy ta’minot uchun ajratilgan federal mablag‘larning noqonuniy ishlatilgani haqidagi mojarolar bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Adliya vazirligi Minnesota shtatida muhojirlarni qo‘lga olish operatsiyasi paytida ICE agentlari tomonidan AQSH fuqarosining o‘ldirilishi munosabati bilan “inson huquqlari buzilishi” bo‘yicha tergov o‘tkazishga asos yo‘qligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Pentagon Minneapolis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing