Minob maktabida qurbon bo‘lganlarning dafn marosimi o‘tkazildi (fotoreportaj)
Olam
−
03 mart 3615 2 daqiqa
Joriy yilning 28 fevralida boshlangan Isroil va AQSHning Eronga qarshi hujumlarida Minob shahridagi qizlar boshlang‘ich ta’lim maktabi ham nishonga olingan edi. Bugun, 3 mart kuni mazkur hodisa qurbonlarining ommaviy dafn marosimi o‘tkazildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Erondagi davlat axborot vositalariga ko‘ra, hujum oqibatida 180 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 150 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lib, ularning orasida o‘qituvchilar ham bor. Qurbonlarning ba’zilari hali ham vayronalar ostida qolmoqda.

Qayd etilishicha, bu hodisa hozirga qadar davom etayotgan havo hujumlari orasidagi eng qattiq zarba sifatida qayd etilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2026 yil boshida Ummon vositachiligida AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar olib borilayotgan bir paytda, AQSH Eron yaqiniga harbiy kuchlarini joylashtira boshlagan. 28 fevral kuni esa Isroil va AQSH Eronni nishonga olgan hujumlarni boshlagan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, maktab ilgari harbiy ob’ekt bo‘lgan va keyinchalik qizlar boshlang‘ich ta’lim maktabiga aylantirilgan. Zarba vaqtida maktab Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) dengiz bazasidan taxminan 600 metr uzoqlikda joylashgan bo‘lgan.

Eron davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, maktabga raketa zarbasi 28 fevral kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 10:00 da, odatda bolalar maktabga boradigan vaqtda tushgan. Hujum paytida maktabdagi o‘quvchilarning aksariyati 7-12 yoshdagi qizlar bo‘lgan. Zarba oqibatida bino devorlari qulab, ko‘pchilikni tom bosib qolgan.

Shundan so‘ng, 1 mart kuni maktab joylashgan hududdagi klinikaga ham qayta hujum qilingan.

UNESCO va Nobel mukofoti sovrindori ta’lim faoli Malala YuusafzaY voqeani qoralagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil 28 fevraldan buyon Eronda AQSH va Isroil hujumlari oqibatida 787 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.