Mintaqada strategik yetakchiga aylanish vaqt keldi – Japarov

Olam

image

Qirg‘iziston uchun mintaqada strategik yetakchiga aylanish maqsadini qo‘yadigan vaqt keldi. Bu haqda bugun, 27 fevral kuni mamlakat Prezidenti Sadir Japarov davlat qarorgohida so‘nggi besh yillik faoliyat yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Davlat rahbari mamlakat bu davrda sezilarli natijalarga erishganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yildan buyon soliq tushumlari qariyb to‘rt baravar, bojxona to‘lovlari olti baravar, soliqdan tashqari tushumlar esa deyarli to‘qqiz baravar oshgan. Japarovning aytishicha, so‘nggi besh yil ichida Qirg‘iziston hayotining barcha sohalarida ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan.

“Avvallari biz vaziyatni barqarorlashtirish haqida gapirgan bo‘lsak, endi mamlakatni rivojlantirish haqida so‘z yurityapmiz. Mintaqada strategik yetakchiga aylanish maqsadini qo‘yadigan vaqt keldi”, dedi Prezident.

Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston dengizga chiqish imkoniyatiga ega emasligi va tabiiy resurslari cheklangan mamlakat bo‘lishiga qaramay, yuqori iqtisodiy o‘sishga erisha oladi. Buning uchun esa sifatli boshqaruv, siyosiy iroda, institutsional intizom va davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yish zarur.

Prezident 2030 yilgacha belgilangan asosiy maqsadlarni ham ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, aholi jon boshiga YAIMni 4 500 dollarga yetkazish, mamlakat iqtisodiy hajmini kamida 30 milliard dollarga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kirishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari hisobot yig‘ilishida Qirg‘izistonda siyosiy o‘yinlarga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov yig'ilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing