Mirziyoyev Aliyev bilan uchrashdi
Jamiyat
−
15 noyabr 1803 2 daqiqa
Bugun, 15 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida Ilhom Aliyev O‘zbekiston yetakchisiga Maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘zbekiston rahbari, o‘z navbatida, qardosh Ozarbayjon Prezidenti va xalqini joriy yil 8 noyabr kuni nishonlangan G‘alabaning besh yilligi bilan samimiy tabriklagan.
O‘zbekiston Prezidentining shu yil iyul oyida Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
“Barcha darajalarda samarali almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, energetika, turizm va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar faol pallaga kirgan”, deyiladi xabarda.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani haqida xabar berilgan edi. “Toshkent–Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib olgan.