O‘zbekiston Paragvay bilan JSTga a’zolik bo‘yicha kelishuvga erishdi
Jamiyat
−
11 dekabr 2297 1 daqiqa
Bugun, 11 dekabr kuni Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Prezidenti Santyago Penya huzurida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston o‘tgan oyda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha yana ikki mamlakat – Kanada va Panama bilan muzokaralarni yakunladi. Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Rossiya bilan muzokaralar deyarli yakunlangani, oldinda faqat Tayvan bilan muloqot qilish turganini aytgandi.

Paragvay Prezidentining tashrifiga qaytadigan bo‘lsak, Santyago Penyaning O‘zbekistonga safari 11-13 dekabr kunlariga mo‘ljallangan. Unga safar davomida rafiqasi Letitsiya Okampos hamrohlik qilmoqda. Paragvay yetakchisi, shuningdek, Xalqaro avtomobil federatsiyasi Bosh assambleyasida va federatsiya shafeligida o‘tkaziladigan musobaqalar g‘oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etadi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Qo‘shma bayonotni imzoladi. Ularning huzurida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.