Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
23 may 5340 2 daqiqa
Bugun, 23 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024/2025 o‘quv yilida maktabni tugatayotgan bitiruvchilarga o‘z tabrigini yo‘lladi. Davlat rahbarining tabrigi Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Mirziyoyev o‘z tabrigida katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarga ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilagan.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu o‘quv yilida 10 mingdan ziyod maktablarni 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlar tugallamoqda. Ularning orasida esa 11 ming 500 nafardan ortig‘i oltin medal bilan, 2 mingdan ortig‘i esa kumush medal bilan tugatmoqda.
“Aziz bitiruvchi yoshlar! Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori, bilimli, hunarli, tadbirkor va vatanparvar, har tomonlama yetuk yoshlarimizga tayanamiz”, deyiladi Prezident tabrigida.
Qolaversa, Mirziyoyev o‘z tabrigida bitiruvchi yoshlarga yuksak ishonch bildirgan.
“Sizlardek o‘z kuchiga ishongan, qat’iyatli yoshlardan qadrdon maktabingiz, aziz ustozlaringiz va ota-onalaringiz, butun xalqimiz faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi. Ana shunday yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling! Intilish, izlanish va yangilik yaratishdan aslo charchamang! Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!” deya yakunlanadi Prezident tabrigi.
Ma’lumot uchun, joriy yilgi o‘quv yilining oxirgi kuni 25 may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli “so‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 24 may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktablardagi “so‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida huquq-tartibot xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb etilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi