Mirziyoyev Minskdagi yig‘ilishda ishtirok etdi

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 iyun kuni Belarusning Minsk shahrida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida EOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Belaruslik Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon (videomurojaat yo‘lladi) hamda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayev ham qatnashgan. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Mo‘g‘uliston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etgan.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida EOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlagan.

Tashkilotga a’zo mamlakatlarga ularning delegatsiyalari joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirilgan.

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishilgani, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbolli loyihalari belgilab olingani alohida ta’kidlangan.

Davlat rahbari yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik qay darajada rivojlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergan. Xususan, kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 18 milliard dollarni tashkil etgan.

Davlat rahbari EOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston savdoni qo‘llab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida – EOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevrosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani qayd etilgan.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik istiqbollari ko‘rsatib o‘tilgan. Bu borada elektron savdo, tovarlarni raqamli markirovkalash, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, muayyan tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilish taklif etilgan.

“Bundan tashqari, EOII bo‘yicha hamkorlar bilan tartib-qoidalarni soddalashtirish va mehnat resurslari harakatchanligini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda kasbiy standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari yuzasidan ekspertlar maslahatlashuvini o‘tkazish taklif etildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tashkilot doirasida ishga tushirilgan “Chegarasiz mehnat” integratsiyalashgan platformasiga qo‘shilishga tayyorlik ham bildirilgan.

Yakunda davlat rahbari O‘zbekistonning EOII doirasidagi ko‘p tomonlama dastur va loyihalarda ishtiroki iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga hamda mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Minsk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing