Mirziyoyev Putin bilan gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda ikki davlat rahbarlari matbuot xizmatlari xabar berdi.

“O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi”, deyiladi O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, hududlarning ishbilarmonlik aloqalari va madaniy-gumanitar almashinuvini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Joriy yil 22 oktyabr kuni Moskva viloyatida o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi samarali bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. 3 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va uning doirasida qo‘shma biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.

“Hozirgi xalqaro muammolar muhokama qilindi, turli darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi”, deyiladi Kreml xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin joriy yil 14 oktyabr kuni ham telefon orqali muloqot qilgandi. Noyabr oyida esa Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi va Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari bilan birga C5+1 formatidagi sammitda qatnashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing