Putin Eron Prezidenti bilan nimalar haqida gaplashdi?

Olam

image

Kecha, 6 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashdi. Suhbat davomida tomonlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarini muhokama qilgan. Bu haqda “Ria Novosti” xabar berdi.

Putin muloqotda AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi olib borilayotgan hujumlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini ta’kidlagan. U Yaqin Sharqdagi muammolarni kuch ishlatish orqali emas, balki muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirgan.

Rossiya rahbari, shuningdek, Mas’ud Pezeshkiyonga Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy, uning oila a’zolari hamda hukumat vakillarining halok bo‘lgani, shuningdek ko‘plab tinch aholi qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

Eron Prezidenti Putinga mamlakatdagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot bergan. Tomonlar bundan keyin ham muloqotni davom ettirishga kelishib olgan. Rossiya Prezidenti Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi davlatlari rahbarlari bilan ham doimiy aloqada ekanini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eron hududiga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlagan edi. Tel-Aviv bu harakatni Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish bilan izohlagan.

Hujumning ilk kunida Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilindi. Eron esa bunga javoban Isroil hududi hamda Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalariga zarba berishni boshladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Eronga AQSH harbiy kuchlarining joylashuvi va harakatiga oid razvedka ma’lumotlari uzatayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Vladimir Putin Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing