Mirziyoyev va Van I uchrashuvda Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi
Jamiyat
−
21 noyabr 2345 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 noyabr kuni tashqi siyosat idoralari rahbarlari strategik muloqotining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab Van I Prezident Mirziyoyevga Xitoy rahbari Si Szinpinning salomini yetkazdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, 2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni qariyb 5 mingtani tashkil qilmoqda, yil boshidan buyon Xitoydan salkam 15 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Texnologik sheriklik loyihalarining portfeli 90 milliard dollarga yaqinlashdi.
Mirziyoyev va Van I yuqori texnologiyalar, “yashil” va atom energetikasi, sun’iy intellekt, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kimyo va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni ilgari surishga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish loyihasini faol amalga oshirish va uni boshqa transport yo‘laklari bilan bog‘lash muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash va xavfsizlik masalalarida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p tomonlama formatlarda yaqin siyosiy muloqot hamda hamkorlikni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikka qarshi kurashish, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I O‘zbekistonga keldi. Saidov xitoylik mavqedoshini Toshkentdagi yaqinda qurib bitkazilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga olib bordi.
Live
Barchasi