Mirziyoyev Yaponiya Imperatori bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifini bugun, 19 dekabr kuni Imperator Naruxito bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yaponiya Imperatori Mirziyoyevni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Prezidentining bu galgi tashrifi O‘zbekiston – Yaponiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea ekanini ta’kidladi.

Mamlakat yetakchisi Imperator Naruxitoga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

O‘zbek va yapon xalqlari geografik jihatdan bir-biridan olis bo‘lishiga qaramay, ularni mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi, shuningdek, ildizlari Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladigan ko‘p asrlik tarixiy aloqalar bog‘lab turgani ta’kidlandi.

Ikki tomonlama hamkorlik, ayniqsa, ta’lim va kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasida izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunga qadar 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada amaliyot o‘tadi, 440 nafardan ziyodi esa stipendiya asosida oliy ma’lumotga ega bo‘ldi. O‘zbekistondagi 7 ta universitetda yapon tili o‘qitilmoqda.

Joriy tashrif doirasida Tokioda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusi yili Yaponiyaning bir nechta shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Imperator Naruxitoga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Yaponiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yaponiya Imperator Naruxito

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing