Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyadagi sammitda Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi
Jamiyat
−
09:11 1348 2 daqiqa
Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioda o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti doirasida Afg‘oniston masalasiga to‘xtaldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlik masalalari haqi gapirar ekan, mintaqa davlatlari va Yaponiyaning Afg‘onistonni tinch, barqaror va bunyodkor rivojlanish sari borayotgan mamlakat sifatida ko‘rish borasidagi intilishlari yakdilligini ta’kidlagan.
Afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p yillardan buyon yetakchi donor va sherik mamlakatlar qatorida bo‘lib kelayotgan Yaponiyaning izchil pozitsiyasi yuksak baholangan.
Shuningdek, davlat rahbari ekologiya sohasida Markaziy Osiyoda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish yuzasidan qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish hamda Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etgan.
Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish, Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari bo‘yicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklif qilingan.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida ta’lim vazirlarining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini o‘tkazish, yoshlar hamjamiyatlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturini qabul qilish bo‘yicha rejalar taqdim etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha qarorlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Sammitda boshqa yetakchilar ham nutq so‘zlagan. Tadbir yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida o‘tkaziladigan davlat rahbarlari darajasidagi keyingi sammitni O‘zbekiston qabul qilishga tayyorligini bildirgandi.
Live
Barchasi