Yaponiya Markaziy Osiyoda 19 mlrd dollarlik biznes maqsadini belgiladi

Olam

image

Yaponiya bugun, 20 dekabr kuni Markaziy Osiyodagi biznes loyihalarini umumiy qiymati 19 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha besh yillik maqsadni e’lon qildi. Bu qadam Tokio tabiiy resurslarga boy mintaqada o‘z ta’sirini oshirishga harakat qilayotgani bilan bog‘liq. Bu haqda “Japan Today” xabar berdi.

Bu e’lon Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi besh Markaziy Osiyo davlati rahbarlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston – bilan ilk sammitni Tokioda o‘tkazgandan so‘ng qilindi.

Besh rahbar bilan uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Yaponiya Markaziy Osiyoda 5 yilda umumiy qiymati 3 trillion iyena (19 milliard AQSH dollariga yaqin) biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadini belgilagani qayd etilgan.

AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi, Yaponiya ham hududning boy, ammo hanuz foydalanilmagan tabiiy resurslariga qiziqmoqda. Buning asosiy maqsadi noyob yer metallari zaxirasini diversifikatsiya qilish va Xitoyga bog‘liqlikni kamaytirishdir.

Bayonotda ta’kidlanishicha, “boy resurslar va energiya manbalariga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish muhimdir.”

Rahbarlar muhim minerallar ta’minot zanjirini kuchaytirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi, shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish va dekarbonizatsiyaga erishishga va’da berishdi.

Markaziy Osiyo rahbarlari shu yili Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Szinpin va Yevropa Ittifoqi raisi Ursula fon der Lyayen bilan ham alohida sammitlar o‘tkazgandi. Hokkaydo universitetining Markaziy Osiyo siyosati bo‘yicha professori Tomohiko Uyamaga ko‘ra, bu sammit Yaponiyaning hududdagi ta’sirini oshirish uchun muhim sanaladi.

“Tabiiy resurslar, ayniqsa o‘tgan yilda, Xitoyning noyob yer metallariga oid harakatlari sababli diqqat markaziga aylandi”, deydi Uyama bu yil Pekin tomonidan qo‘llanilgan qat’iy eksport nazoratiga ishora qilib.

Bugun, 20 dekabr kuni rahbarlar “Trans-Kaspiy Xalqaro Transport yo‘li” bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga ham kelishib oldi – bu mintaqani Yevropa bilan Rossiya orqali o‘tmay bog‘laydigan logistika tarmog‘idir.

Shuningdek, “havfsiz, ishonchli va odilona sun’iy intellekt” bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Yaponiya uzoq vaqtdan beri o‘z tadbirkorlarini hududga sarmoya qilishga undamoqda, ammo ular hozircha ehtiyotkorlikni saqlashmoqda.

Noyob yer metallaridan tashqari, Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi, O‘zbekiston eng katta oltin zaxiralariga ega va Turkmaniston gazga boy. Qirg‘iziston va Tojikiston tog‘li bo‘lib, yangi mineral konlari ochilayapti. Biroq bu zaxiralarni ishlatish murakkabligicha qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Markaziy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing