Mirziyoyevga Trampning tabrigi yetkazildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 avgust kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakili Mirziyoyevga Trampning samimiy salomi va O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.

Turli darajalarda samarali aloqalar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

“Konstruktiv siyosiy muloqot rivojlanmoqda, faol parlamentlararo almashinuvlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan oyda Kongressda O‘zbekiston kuni doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi, bu yil kuzda kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, mamlakatlar o‘rtasida xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

“AQSH an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga ko‘paydi. Loyihalar portfeli 11 milliard dollardan oshgan. Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan Toshkent investitsiya forumida AQSHning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi”, deyiladi xabarda.

Mineral resurslar, aviatsiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etilgan.

S5+1 formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim ekani ta’kidlangan.

Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp Paolo Zampolli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing