MYU o‘z uyida “Brayton”ga mag‘lub bo‘lib, Angliya kubogini tark etdi
Sport
−
12 yanvar 782 1 daqiqa
Kecha, 11 yanvar kuni “Manchester Yunayted” Angliya kubogining 1/32 final bosqichida o‘z maydonida “Brayton” jamoasiga mag‘lub bo‘lib, musobaqani dastlabki bosqichidayoq tark etdi.
Uchrashuvning 12-daqiqasida “Brayton” futbolchisi Brayan Gruda hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limning 64-daqiqasida esa Denni Uelbek hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. 85-daqiqada Benjamin Sheshko gol urib, hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq o‘yin yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi va “Manchester Yunayted” Angliya kubogidagi ishtirokini yakunladi.
Ma’lumot uchun, “qizil iblislar” 2025 yil avgust oyida Liga kubogida ham omadsiz ishtirok etgan bo‘lib, to‘rtinchi divizionda harakat qiluvchi “Grimsbi Taun” jamoasiga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan edi.
“Opta” ma’lumotlariga ko‘ra, “Manchester Yunayted” 1981-1982 yilgi mavsumdan beri ilk bor har ikki kubok musobaqasida ham dastlabki o‘yinlaridayoq musobaqani tark etdi. O‘sha mavsumda jamoa Angliya kubogida “Uotford”ga, Liga kubogida esa “Tottenxem”ga mag‘lub bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ruben Amorim “Manchester Yunayted” jamoasi bosh murabbiyi lavozimidan ozod etilgan edi. Hozircha uning o‘rnini Darren Fletcher vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida egallab turibdi.