Namanganda kambag‘allik qisqa vaqtda 2,5 barobar kamaygani aytildi

Jamiyat

image

Namangan viloyatida kambag‘allik qisqa vaqt ichida 2,5 barobar kamaydi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“Har safar bu viloyatga kelganimda, odamlardagi ko‘tarinki kayfiyatni, katta-yu-kichik doimo harakatda, izlanishda yurganini ko‘rib quvonaman. Bugun ham hududdagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi ishga tushgan korxonalar bilan tanishib, islohotlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim”, deydi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Bildirilishicha, so‘nggi yillarda Namanganda salmoqli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlangan. Ertaga boshlanadigan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumga Namangan shahri mezbonlik qilayotgani bejiz emasligi qayd etilgan. 

“Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaydi. Bu, eng avvalo, yaratilgan sharoit va viloyat aholisining mashaqqatli mehnati bilan bo‘lgani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, so‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kirgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, mingdan oshgan. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar ortgan. Mehnatga layoqatli aholining 82 foizi aynan kichik biznes va tadbirkorlik orqali daromad topmoqda.

Shuningdek, davlat rahbari viloyatda barcha drayver sohalarni rivojlantirish uchun resurs ham, sharoit ham yetarli ekanini ko‘rsatib o‘tgan.

Viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, 14 ta tuman va shahar hokimlari oldida yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi turgani qayd etildi. 

Norin tumanidagi 5 mingdan ziyod aholi yashaydigan Sho‘rariq mahallasi misolida “og‘ir” mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, shahar muhitini olib kirish chora-tadbirlari belgilab olingan. 

Xususan, bunday mahallalarda zamonaviy mahalla guzari qurib beriladi, bolalar va sport maydonchalari, servis ob’ektlari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil etiladi. Ko‘chalar asfalt qilinadi va yoritiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi.

Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan, jami 320 milliard so‘m berilib, ular namunali hududga aylantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi sharoiti og‘ir Sho‘rariq mahallasiga kirgani haqida xabar berilgan edi. U yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan kambag'allik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing