Namanganganda 120 nafar pedagog attestatsiyadan chetlatilgan – MMTV
Jamiyat
−
21 noyabr 7978 1 daqiqa
Avvalroq, Namangan viloyatida bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirib, attestatsiya imtihonlarida pedagoglarga moddiy manfaat evaziga yordam berish uchun masofadan turib “bunker” tashkil qilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy bahorgi attestatsiya jarayonlarida ayrim pedagoglar tomonidan noqonuniy qurilmalardan foydalanishga urinish holatlari aniqlangach, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, ushbu holatlarga chek qo‘yish yuzasidan birgalikda ishlar olib borilgan.
Xususan, joriy yil bahorda o‘tkazilgan malaka toifa sinovlarida 75 nafar, kuzgi sinovlarda esa 45 nafar pedagog tomonidan qo‘shimcha qurilma va shpargalkalarni olib kirishga urinish bo‘lgan. Ushbu talabgorlar tartib-qoidalarni buzgani sababli o‘z vaqtida attestatsiya sinovlaridan chetlatilgan.
“Attestatsiya sinovlarini topshirishda faqat o‘z bilimingizga ishoning. Vazirlik ustozlarni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini ma’lum qiladi. Ta’kidlash joiz, malaka sinovi testlarida jarayonlar doimiy kuzatib kelinmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bunker sifatida foydalanilayotgan xonadon ko‘zdan kechirilgan. Natijada ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi borligi aniqlanib, noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Live
Barchasi