Narxlar oshishi sababli insoniyat jar yoqasida turibdi – Vuchich
Olam
−
03 aprel 5823 2 daqiqa
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich neft va o‘g‘it narxi ko‘tarilishi fonida insoniyat tubsizlik yoqasiga kelib qolganini aytdi. Bu haqda u bugun, 3 aprel kuni parlament saylovlari bo‘yicha partiya vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida gapirdi.
“Insoniyat jar yoqasida turibdi va bizga jiddiy qarorlar kerak. Bunday vaziyatda mas’uliyatli pozitsiyani egallashga hamda mamlakatimiz va xalqimiz uchun eng yaxshi ishni qilishga harakat qilishimiz lozim”, deydi u.
Siyosatchi plastik buyumlar tanqisligi kuzatilayotganidan ogohlantirgan. Uning fikricha, yaqin orada butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi ham oshishi mumkin. Vuchichning ta’kidlashicha, Serbiya inflyatsiya darajasini 3 foizdan pastroq saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmoqda. Biroq neft mahsulotlari narxining har qanday ko‘tarilishi boshqa barcha narxlarning, birinchi navbatda, oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshishiga olib keladi.
Bungacha Vuchich Yevropa davlatlari Rossiya neftidan voz kechgani uchun yuqori badal to‘lashini, Osiyo, Afrika va hatto AQSH esa uni olishda davom etayotganini aytgan. Serbiya hukumati ichki bozorni himoya qilishga intilib, birja tebranishlariga qaramay, benzin va dizel narxining minimal darajada oshishini ta’minlamoqda. Energetika vaziri Dubravka Jjedovich-Xandanovichning ma’lum qilishicha, respublika energiya inqirozi sababli tanqislik va narxlar sakrashining oldini olish uchun yil oxirigacha 70 kunlik neft mahsulotlari zaxirasini yaratishni rejalashtirmoqda.
AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat jahon neft yetkazib berishining 20 foizi to‘g‘ri keladigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali uglevodorodlar tranzitining buzilishiga olib keldi. Yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bir vaqtda butun dunyoda energiya resurslari narxi ko‘tarila boshladi. Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashishi tufayli Brent rusumli neft narxi bir barrel uchun 120 dollarga yetdi, bu 2022 yil iyunidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon “ekspertlar tahlili”ga tayanib, joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan o‘sishini aytgan edi.
Live
Barchasi18 aprel