Navoiyda havoni ifloslantirgan 20 ta korxona yopildi

Jamiyat

image

Navoiy viloyatida atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi hamda ekologik ekspertiza xulosasiga ega bo‘lmagan 20 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda maxsus komissiya xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2025 yilning avgust-sentyabr oylarida Navoiy shahri va unga tutash hududlardagi 168 ta sanoat korxonasida o‘rganishlar o‘tkazilgan. Hudud bo‘ylab 11 ta nuqtada ko‘chma laboratoriya yordamida havo tarkibi tahlil qilinib, atmosferadagi oltingurgurt dioksidi (SO₂) me’yordan 1,86 baravar, ammiak (NH₃) esa 1,43 baravar oshib ketgani aniqlangan.

Tekshiruv davomida “Sogda Kimyo Zavod” MCHJ davlat ekologik ekspertizasi xulosasisiz ishlab kelayotgani, hududida tartibsiz chiqindixona tashkil etgani, qurilish chiqindilarini tashqi hududlarga olib chiqib tashlagani ma’lum bo‘lgan. To‘plangan hujjatlar sudga taqdim etilib, 2025 yil 3 sentabrdagi sud qarori bilan “Sogda Kimyo Zavod”ga qarashli 3 ta korxona faoliyati to‘xtatildi. 

Shuningdek, “Navoiyazot” hududida o‘tkazilgan tahlillar ham bir qator jiddiy kamchiliklarni ko‘rsatdi. Ushbu hududda ammiak miqdori 1,5 baravar, vodorod sulfid 36 baravar, g‘arbiy hududda esa ammiak 6,6 baravar, vodorod sulfid 1,4 baravar, oltingugurt dioksidi esa 1,2 baravar me’yordan yuqori ekani aniqlangan. 2025 yil 29 avgust va 13 oktyabrdagi sud qarorlari bilan korxonaning 23 sexi hamda 919 sexi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

O‘rganishlar davomida ekologik talablarga zid faoliyat yuritgan jami 20 ta korxona bo‘yicha hujjatlar sudga kiritilib, ularning faoliyati chek qo‘yilgan. Shu bilan birga 127 ta noqonuniy, qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari buzib tashlangan.

Hukumatning 2021 yil 12 apreldagi 202 son qaroriga asosan, 10 milliard 348 million so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilangan. Shundan, 2,5 mlrd so‘m – “Navoiyazot” AJga, 7 mlrd so‘m – “Sogda Kimyo Zavod” MCHJga, 0,5 mlrd so‘m – boshqa korxonalarga to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, mas’ul shaxslarga nisbatan 37 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Korxonalarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 220 dan ortiq majburiy ko‘rsatmalar berilib, ularning ijrosi nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda havo ifloslanishi fonida issiqxonalarga reyd uyushtirilgani haqida xabar berilgandi. Reydlar davomida havo sifati monitoringi, havo ifloslanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanayotgani hamda ekologik me’yorlarni buzayotgan issiqxonalar, turli xil pechlar va havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati Ishchi guruh tomonidan tekshirilayotgani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent atmosfera Navoiyazot Sogda Kimyo Zavod Ishchi guruh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing