Navoiyda 13 mlrd so‘mlik oltinni qazib olganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat zaxirasidagi yerlarda tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni qazib olib, kimyoviy qayta ishlov berish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslarning harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, ularga Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro boshchilik qilgan bo‘lib, u Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 dona qopda oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, 1 dona maxsus laboratoriya jihozi, 8 dona gaz ballon, 1 dona maxsus tegirmon va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga va ekologiyaga yetkazilgan zarar taxminan 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

Holat yuzasidan samarqandlik fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi (foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Navbahor tumanida kuzatilgan holatda esa mahalliy MCHJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida, “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi 8 gektar maydonda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan.

Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalar, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili, 4 ta yuklovchi traktor hamda asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.

Hozirda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazuvchilar qo‘lga olinib, ulardan 17,2 kg oltin va kumush qorishmasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy oltin ruda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing