Navoiyda er alimentdan voz kechmagan xotinini mashinada urib ketdi

3-sahifa

image

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida erkak ajrashish uchun ariza bergan va alimentdan voz kechmagan turmush o‘rtog‘ini Damas avtomashinasida urib ketdi. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayol ko‘p yillar davomida eri tomonidan muntazam ravishda kaltaklanib kelgan va ajralish qarorini qabul qilishga majbur bo‘lgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi 12 avgust kuni ajralish haqidagi ishni ko‘rib chiqib, er-xotinga uch oylik muhlat bergan. Sud qaroriga ko‘ra, erkak to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashga majbur etilgan. 13 avgust kuni eri ayoliga qo‘ng‘iroq qilib, alimentdan voz kechishini talab qilgan. Aks holda, “mendan yaxshilik kutma”, deya tahdid qilgan. 14 avgust kuni ertalab erkak uyidan Damas avtomashinasini haydab chiqib, yo‘l chetida ketayotgan ayolini urib yuborgan. Oqibatda ayol og‘ir jarohat olgan — belidan past qismi falaj bo‘lib qolgan, umurtqasi singan va asab tomirlari shikastlangan. Hozirgi kunda u shifoxonada og‘ir ahvolda davolanmoqda. Yaqinlari uning davolanishi uchun katta mablag‘ sarflab, qarzga kirgan. Ayolga jarrohlik amaliyotini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan, ammo oilada hozircha mablag‘ yetishmayotgani aytilgan.

Ayolning yaqinlarining ma’lum qilishicha, hodisaga sababchi bo‘lgan shaxs davolanishga yordam berishdan bosh tortmoqda. Unga Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalarini harakat yoki foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yaqinlarining qo‘shimcha qilishicha, tergov avval hodisani qasddan urib ketish deb baholamagan, yengilroq ayblovni tanlagan (uch yilgacha qamoq jazosi). Shuningdek, erkak hibsga olinmagan va ayolga yozishda davom etib, “yaxshi narsa bo‘lmaydi” degan mazmunda tahdidlar qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda er xotini va 5 oylik bolasini bir necha oy qiynab, molxonada saqlagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy aliment Qiziltepa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing