Navoiyda mas’ullarni xonasidan chiqishga chorlagan jurnalist bosimga uchradimi?
Jamiyat
−
26 iyul 12616 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Ruxsora Boboqulova Navoiy shahridagi zaharli tutun haqida jonli efirda ochiq gapirgani ortidan unga bosim bo‘layotgani, Navoiy viloyati teleradiokanalida jonli efirlar to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Boboqulova efirda Navoiy shahrida zaharli gazlar tarqalayotganini aytib, egologiya boshqarmasi xodimlarini “salqin xonasidan chiqib, u qayerdan kelayotganini aniqlash”ga chaqirgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 iyul kuni viloyat teleradiokanali studiyasida jihozlash ishlari olib borilgani hamda LED ekran o‘rnatilgani bois, kunning ikkinchi yarmiga qadar vaqtincha onlayn efirlar to‘xtatib turilgan.
Jihozlash ishlari tugagach, joriy yilning 24 iyul kuni soat 18:00 da viloyat teleradiokanali orqali “Ochiq muloqot” hamda 25 iyul kuni “Assalom, yangi kun!” tonggi dasturi 8:00 dan 10:00 gacha jonli efirga uzatilgan.
Hokimlikning bildirishicha, Ruxsora Boboqulovaga ham hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan va u ayni paytda o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.
“Navoiy viloyati hokimligi ommaviy axborot vositalarida demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lmish – so‘z erkinligi, ochiqlik, oshkoralik prinsiplarini doimo qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududini changsimon tutun qoplagandi. 21 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarda yana changsimon tutun kuzatilgandi. Ushbu holatga ko‘pchilik “Navoiyazot”AJni aybladi. Bu tutun korxona faoliyati bilan bog‘liq emasligini isbotlash maqsadida uning ammiakli selitra ishlab chiqarish sexi hududiga zudlik bilan qo‘shimcha kuzatuv kamerasi o‘rnatilgandi. Yozib olingan tasvirlardan changsimon tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotgani aniqlandi.
Live
Barchasi