Navoiyda noqonuniy oltin qazib olgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
27 aprel 4211 2 daqiqa
Navoiyda davlat muhofazasiga olingan yer maydonida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs uch yil oldin Navoiy viloyatining Navbahor tumanida arxeologiya yodgorligi moddiy merosining ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan “Sarmishsoy” darasi tog‘ tizmasi hududidan olti gektarga yaqin yer maydonini auksion orqali sotib olgan.
Aniqlanishicha, u mazkur joyda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan madaniy toshlarni 19 nafar ishchi yollab, qo‘lbola usulda qazib olgan. So‘ng ularni qayta ishlab, qimmatbaho oltin zarrachalari hosil qilgan.
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati va Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida tilla sexida 6 kg tarkibida oltin moddasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan qum holatdagi yarim tayyor mahsulot, 1 kg 400 gr kimyoviy kukun moddalari, oltin moddasini eritishga moslashtirilgan idishlar hamda qurilmalar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan. Yana to‘rt dona yuk avtomashinasi va to‘rt dona yuklovchi traktor tekshirib ko‘rish uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Xabarga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha davlat manfaatlariga va arxeologiya yodgorligi moddiy merosining ko‘chmas mulk ob’ektlariga yetkazilgan zararning umumiy qiymati 111 milliard 489 million 672 ming so‘mni tashkil qilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi (foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat zaxirasidagi yerlarda tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni qazib olib, kimyoviy qayta ishlov berish bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslarning harakatlari fosh etilgandi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi