Birinchi prezidentning qarindoshlarini to‘nab ketishdi
Olam
−
17 noyabr 14568 2 daqiqa
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi, marhum Bolat Nazarboyevning qarindoshlariga tegishli uy o‘marib ketilgani aytilmoqda. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning 14 noyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Kargali qishlog‘ida ko‘plab politsiya mashinalari to‘planishi aholining e’tiborini tortgan. Mahalliy aholi bu uy birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning ukasi, marhum Bolat Nazarboyevning qarindoshlariga tegishli bo‘lganini aytgan.
Viloyat politsiya boshqarmasiga ko‘ra, qishloq aholisi tunda qiymatli narsalar o‘g‘irlanganini bildirgan. Xabarga ko‘ra, voqea joyiga tergov-operativ guruh va mahalliy politsiya inspektorlari yetib borgan.
“Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi paytda gumonlanuvchilarni aniqlash va ushlash uchun barcha zarur tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Gumondorlarni topish uchun barcha xodimlar jalb qilingan va yo‘riqnomalar yaqin hududlarga yuborilgan. Shu bilan birga, o‘g‘rilik sodir bo‘lgan uyning aynan kimga tegishli ekani aniqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Bolat Nazarboyev 1953 yil 23 martda Qozog‘istonning Olmaota viloyati, Shamalgan qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolat Nazarboyev agrar va investitsion biznes sohasida faoliyat yuritgan ishbilarmon bo‘lib, xayriya ishlari bilan ham tanilgan. U “Saliqali urpaq” jamoat fondini tashkil qilgan va mamlakatdagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, agrar loyihalarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Bolat Nazarboyev 2023 yil 13 noyabrda vafot etgan. U Qozog‘istonda biznes va xayriya faoliyati orqali tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nazarboyev Moskvadagi hashamatli mahallada maxfiy dachani ijaraga olgani ma’lum bo‘lgandi.
Live
Barchasi