Netanyaxuni ag‘darish uchun partiya tuziladi
Olam
−
27 aprel 4121 3 daqiqa
Isroilning sobiq bosh vazirlari Yair Lapid va Naftali Bennet Knesset (parlament) saylovlari oldidan yagona siyosiy partiya tuzilganligini e’lon qildi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi partiya “Birgalikda” (“Beyachad”) deb nomlanadi va u “Yesh Atid” partiyasi hamda “Bennet 2026” harakati negizida tashkil etiladi. Birlashgan ro‘yxatga Bennet boshchilik qilishi belgilangan.
Ularning maqsadi — muxolifat lagerini birlashtirish va yettinchi muddatga o‘z lavozimini saqlab qolishga intilayotgan bosh vazir Binyamin Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatish imkoniyatlarini oshirishdir.
“Men mamlakatimiz uchun biz qachonlardir amalga oshirgan eng sionistik va eng vatanparvarona qadamni tashlayapman. Bizning birligimiz butun Isroil xalqiga yo‘llangan signaldir: bo‘linish davri tugadi. Tiklanish davri keldi”, deydi Bennet.
Sobiq bosh vazir “Yashar” partiyasi yetakchisi Gadi Ayzenkotni ham ularga qo‘shilishga taklif qilgan. Shuningdek, Bennet koalitsiya tuzish uchun endi arab partiyalari bilan hamkorlik qilmasligini ma’lum qilgan.
“Biz na chap va na o‘ng blokka tegishlimiz, biz butun Isroil xalqi blokiga kiramiz”, deya xulosa qilgan u.
O‘z navbatida, Lapid va uning markazchi “Yesh Atid” partiyasi “shaxsiy manfaatlarni chetga surib, Isroil davlati uchun to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilayotganini” aytib, saylovda g‘alaba qozonish uchun Bennetni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan.
“Bugun biz saylovda g‘alaba qozonish hamda kuchli va barqaror sionistik hukumat tuzish uchun birlashmoqdamiz. Isroilda dunyodagi eng yaxshi odamlar yashaydi. Ular armiyada xizmat qilayotganlarga, rezervchilar va ularning oilalariga sarmoya kiritadigan samarali, qobiliyatli va halol hukumatga loyiqdir”, deydi Lapid.
Ma’lumot uchun, Bennet va Lapid 2021–2022 yillarda o‘ng, markazchi va chap partiyalar koalitsiyasiga rahbarlik qilib, birga ishlagan. Ularning yangi ittifoqi oktyabr oyi oxiriga belgilangan navbatdagi saylovlarda yagona ro‘yxat bilan qatnashadi.
“Maariv” nashrining yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnomasiga ko‘ra, Bennetning partiyasi Netanyaxuning “Likud” partiyasi bilan teng ketmoqda: u Knessetda 24 ta o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkin, Lapidning “Yesh Atid” partiyasiga esa 7 ta, Ayzenkotning “Yashar” partiyasiga esa 12 ta o‘rin prognoz qilinmoqda.
Netanyaxuning partiyasi esa X ijtimoiy tarmog‘ida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan rasmni e’lon qildi. Unda RAAM arab partiyasi yetakchisi Mansur Abbos avtomobil rulida, orqa o‘rindiqda esa Bennet va Lapid yosh bolalar ko‘rinishida tasvirlangan.
Bennet va Lapidning 2021–2022 yillardagi “o‘zgarishlar hukumati” Abbos boshchiligidagi arab RAAM partiyasini koalitsiyaga kiritishi bilan tarixda qolgan edi. Ushbu koalitsiya Netanyaxuning 12 yillik uzluksiz boshqaruviga chek qo‘ygan, biroq Netanyaxu 2022 yil noyabrdagi saylovdagi g‘alabadan so‘ng yana hokimiyatga qaytgan edi.
Live
Barchasi