Isroilning Livanga hujumida jurnalist halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 22 aprel kuni Isroilning Livanga hujumi oqibatida kamida 5 kishi, jumladan, 1 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Isroil dastlab Livan janubidagi at-Tiri qishlog‘idagi mashinaga dron bilan hujum qilgan. Oqibatda esa mashina ichidagi ikki kishi halok bo‘lgan. Ushbu hujumni tasvirga olish maqsadida mahalliy “Al Axbar” ommaviy axborot vositasida ishlovchi ikki jurnalist Amal Halil va Zaynab Faraj voqea joyiga yetib borgan. Isroil tomonidan o‘sha qishloqdagi binoga qilingan keyingi havo hujumi oqibatida Zaynab Faraj yaralangan va u vayronalar ostida qolgan. Amal Halil esa keyinchalik voqea joyida o‘lik holda topilgan. Ushbu xabarni ularning ish beruvchisi ham tasdiqlagan.

Ma’lum qilinishicha, Isroilning hujumlari davom etayotgani sababli qutqaruvchilar jurnalistlarning oldiga uzoq vaqt bora olmagan. Keyinchalik, Zaynab Faraj mahalliy shifoxonaga olib borilgan va uning ahvoli juda og‘irligi va jarrohlik amaliyotiga muhtoj ekanligi aytilgan.

Bungacha Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroil jurnalistlar ishlovchi binoni nishonga olib, ularni ta’qib qilayotgani haqida xabar bergan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livan janubida BMTning Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) patruli hujumga uchragani, oqibatida bir nafar askar og‘ir jarohatlar tufayli halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

jurnalist Isroil hujumi Livanga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing