Norozilik namoyishlari to‘liq nazorat ostida – Aroqchi
Olam
−
12 yanvar 5887 2 daqiqa
Erondagi noroziliklar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgan. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab kechayotgan namoyishlar hozirda “to‘liq nazorat qilinmoqda”.
“Iran International” nashrining yozishicha, Aroqchi Tehron so‘nggi paytlarda Eronda sodir etilgan terrorchilik harakatlariga AQSH va Isroilning aloqadorligini tasdiqlovchi keng ko‘lamli dalillarga ega ekanini aytgan.
“Bizda AQSH va Isroilning Erondagi so‘nggi kunlardagi terrorchilik hujumlariga aloqadorligini ko‘rsatuvchi ko‘plab hujjatlar va dalillar bor”, degan u.
Xususan, vazir AQSHning sobiq davlat kotibi Mayk Pompeoning izohlariga ishora qilgan. Aroqchining aytishicha, Pompeo “Mossad agentlari tartibsizliklar ishtirokchilari bilan birga bo‘lganini va ushbu terrorchilik harakatiga rahbarlik qilganini” tan olgan.
Eron TIV rahbari, shuningdek, G‘arb davlatlarini tanqid qilib, ular terrorchilarni emas, balki Eron politsiyasini qoralayotganini aytgan.
Qayd etish joiz, 2025 yil dekabr oyi oxiridan beri Eronda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari davom etmoqda. Aksiya ishtirokchilari siyosiy tuzumni o‘zgartirishni talab qilmoqda. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 544 kishi halok bo‘lgan. Eron rasmiylari norozilik namoyishlarini tashkil etishda AQSH va Isroilni ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, muxolif Rizo Pahlaviy mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari yangi bosqichga o‘tayotganini aytib, eronliklarga ularning yolg‘iz emasligini va yaqin vaqt ichida chetdan yordam kelishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi