Nvidia kompyuterlarga SIni birlashtiruvchi chipni taqdim etdi
Texnologiya
−
03 iyun 1490 2 daqiqa
Amerikaning Nvidia kompaniyasi sun’iy intellekt texnologiyalarini noutbuk va shaxsiy kompyuterlarga olib kirish maqsadida yangi avlod chipini taqdim qildi. Bu haqda Taypey shahrida o‘tgan yillik Nvidia GTC konferensiyasida kompaniya bosh direktori Jensen Xuang e’lon qildi.
Jensen Xuang yangi RTX Spark superchipini konferensiyada namoyish etgan. Uning aytishicha, mazkur texnologiya shaxsiy kompyuterlarni qayta kashf etadi. Yangi chip markaziy protsessor (CPU) va grafik protsessor (GPU) imkoniyatlarini birlashtirib, sun’iy intellekt modellarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qurilmaning o‘zida ishlatish imkonini beradi. Kompaniya bu qurilmalarni “AI PC” – sun’iy intellektga ega shaxsiy kompyuterlar deb atagan.
Xabarlarga ko‘ra, RTX Spark chiplari bilan jihozlangan yangi noutbuk va kompyuterlar joriy yilning kuzida bozorga chiqarilishi kutilmoqda. Ular Dell, HP, Lenovo, ASUS, Microsoft Surface va MSI kabi brendlar mahsulotlarida qo‘llaniladi.
Nvidia’ning ma’lum qilishicha, yangi tizimlar foydalanuvchilarga mahalliy tarzda ishlaydigan intellektual yordamchilardan foydalanish imkonini beradi. Bunday yordamchilar fayllarni tahlil qilish, ma’lumot izlash, tadqiqotlarda ko‘maklashish va foydalanuvchi bilan muloqot qilish kabi vazifalarni bajara oladi.
Microsoft ham yangi kompyuterlar yuqori quvvatli sun’iy intellekt modellari va murakkab hisoblash vazifalarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Tahlilchilarning fikricha, Nvidia’ning bu qadami keyingi o‘n yillikda shaxsiy kompyuterlar qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini belgilab berishi mumkin. “Counterpoint Research” tahlilchisi Nil Shah buni “kompyuterlar evolyutsiyasidagi inqilobiy o‘zgarish” deb baholagan. Shu bilan birga, yangi texnologiyalar maxfiylik masalalari bo‘yicha bahslarni ham kuchaytirmoqda. Ayrim ekspertlar sun’iy intellekt yordamchilari foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga keng ko‘lamda kirish huquqiga ega bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nvidia aksiyalari taqdimotdan so‘ng birja savdolarida 6 foizga qimmatlashgan. Microsoft aksiyalari 2,2 foizga, Dell aksiyalari esa, 10 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google sun’iy intellekt bilan ishlovchi yangi noutbugini taqdim etgan edi.
Live
Barchasi