OAV erkinligi bo‘lmasa, hammamiz yutqazamiz – Guterrish

Olam

image

Mojarolar, kelishmovchiliklar va keng tarqalgan dezinformatsiya hukm surayotgan dunyoda odamlarning erkinligi matbuot erkinligiga bog‘liq. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish har yili 3 may kuni nishonlanadigan Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan murojaat yo‘lladi.

“Erkin va mustaqil jurnalistika – eng muhim ijtimoiy ne’matlardan biridir. Bu hisobdorlik, adolat, tenglik va inson huquqlarining asosi. Jurnalistlar butun dunyoda voqealarni erkin va qo‘rqmasdan yoritish imkoniga ega bo‘lishi shart. Jurnalistlar o‘z ishini bajara olmaganda, hammamiz yutqazamiz”, deyiladi bayonotda.

BMT rahbarining ta’kidlashicha, jurnalistlar yildan-yilga tobora qiyin va xavfli sharoitlarda faoliyat yuritishga majbur bo‘lmoqda.

Ular o‘z xizmat burchini bajarayotgani uchun hujum, hibsga olish, senzura, tahdid, zo‘ravonlik, hatto o‘lim xavfi ostida qolmoqda. Ayniqsa, mojaro zonalarida o‘ldirilayotgan jurnalistlar soni keskin ortmoqda.

BMT axborot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi Matbuot erkinligi kuni sun’iy intellektning (SI) OAV erkinligi, axborotni erkin tarqatish, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi hamda axborotga kirish huquqini ta’minlash va asosiy erkinliklarni himoya qilishdagi ta’siriga bag‘ishlangan.

“Sun’iy intellekt so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashi ham, uni bostirishi ham mumkin”, dedi Antoniu Guterrish.

U o‘tgan yili qabul qilingan Global raqamli kelishuvni eslab, unda dezinformatsiya va axborot manipulyatsiyasiga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan aniq qadamlar belgilab qo‘yilganini ta’kidlagan.

Shuningdek, BMT bosh kotibi sun’iy intellekt inson huquqlariga hurmat tamoyillariga mos tarzda shakllantirilishi va faktlarni ustuvor qo‘yishi zarurligini urg‘ulagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti 2025 yil uchun matbuot erkinligi bo‘yicha hisobot e’lon qilgan edi. Unda matbuot erkinligi tarixiy eng past darajaga tushib ketgani qayd etiladi. Hisobotda 180 ta mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari holati beshta mezon – siyosiy kontekst, huquqiy baza, iqtisodiy muhit, ijtimoiy-madaniy shart-sharoitlar va xavfsizlik asosida baholangan. Tahlilchilarga ko‘ra, 90 ta mamlakatda jurnalistlar uchun “qiyin” yoki “juda jiddiy” vaziyat yuzaga kelgan. Bunday holatga nafaqat xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar va avtokratik rejim ta’siri, balki ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy nochorligi ham sabab bo‘lmoqda. Postsovet davlatlari ichida eng yomon ko‘rsatkich Turkmanistonda – 174-o‘rin, 19,14 ball. Bundan pastda faqat Afg‘oniston, Eron, Suriya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eritreya joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish Birlashgan Millatlar Tashkiloti matbuot erkinligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing