Odamlarning stomatologdan qo‘rqish sababi aniqlandi

Bu qiziq

image

Dunyo bo‘yicha millionlab odamlar stomatologdan cho‘chiydi. Buning asosiy sabablaridan biri – tish kovlovchi mashinasining o‘tkir vizillagan ovozi. Osaka universiteti tadqiqotchilari ushbu muammoni ilk bor ilmiy jihatdan o‘rgandi va masala faqat shovqinning balandligida emas, balki uning sifatida ekanini aniqladi. Bu haqda  “Acoustical Society of America” xabar berdi.

Tadqiqotga stomatolog Tomomi Yamada boshchilik qilgan. U har kuni bemorlarning asbobning yuqori chastotali hushtakdek ovozidan seskanib ketishini kuzatgan. Uning aytishicha, muammo keng tarqalganiga qaramay, avval hatto stomatologlarning o‘zi ham bu ovozning tabiatini tizimli o‘rganmagan.

Shovqin qanday paydo bo‘lishini aniqlash uchun olimlar Yaponiyadagi eng qudratli superkompyuterlardan birida katta aeroakustik simulyatsiyalar o‘tkazgan. Mashina siqilgan havo asosida ishlaydi va daqiqasiga 320 ming marotaba aylanish tezligiga ega bo‘lib, murakkab turbulent oqimlar hosil qiladi.

Simulyatsiyalar asbob ichidagi va atrofigidagi havo harakatini vizuallashtirishga imkon bergan, aynan shu girdob tanish vizillagan ovozni chiqaradi. Biroq muammoni hal qilish shunchaki ovozni pasaytirish yetarli emas.

“Eng muhim narsa – ovozni tinchroq qilish emas, uning sifatini yaxshilash”, deydi Yamada.

Olimlar, shuningdek, turli guruhdagi bemorlarning ovozni qanday qabul qilishini ham o‘rgangan. Chastotasi 20 kGts gacha yetadigan bu baland tovush kattalar va bolalarga turlicha ta’sir qiladi. Sinovlar bolalar bu tovushni kattalarga qaraganda balandroq va o‘tkirroq eshitishini ko‘rsatgan.

“Bu shuni anglatadiki, bolalarning stomatologik muolajalardan qo‘rqishi faqat psixologiyaga bog‘liq emas. Ularning eshitish sezgisi bu tovushlarni haqiqatan ham yanada yoqimsiz qabul qiladi”, deydi Yamada.

Muammoni hal qilish uchun tadqiqotchilar uskunaning kesuvchi pichoqlari va havo chiqaruvchi teshiklari shaklini optimallashtirishni rejalashtirmoqda. Maqsad – asbob samaradorligini kamaytirmagan holda, yoqimsiz shovqin spektrini qisqartirish.

Keyingi bosqich – ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik. Zarur xavfsizlik va chidamlilik sinovlaridan so‘ng texnologiyani tijoriy qo‘llash darajasiga yetkazish rejalashtirilgan. Agar ishlab chiqish joriy etilsa, kelajakdagi stomatologlar kabinetlari ancha kamroq qo‘rqinchli bo‘ladi, ayniqsa bolalar uchun.


Maqola muallifi

Teglar

stomatolog qo'rquv tish shifokori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing