Oq uy yonida otishma. Milliy gvardiya vakillari otib ketildi (video)

Olam

image

Kecha, 26 noyabr kuni AQSHning Vashington shahrida, Oq uydan uncha uzoq bo‘lmagan hududda ikki nafar Milliy gvardiya xizmatchisi otib ketildi. Bu haqda maxfiy xizmat vakiliga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.

Jarohat olgan harbiylarning ahvoli juda og‘ir ekani aytilmoqda. CNN ma’lumotiga ko‘ra, otishma vaqtida bir nechta odam jarohatlangan, ular orasida kamida bir nafar gvardiyachi bor. Vashington politsiyasining ma’lum qilishicha, otishma 17-ko‘cha va 1-ko‘cha kesishgan joyda – Oq uyga atigi bir blok masofada sodir bo‘lgan. Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan.

Keyinchalik Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ham ikki nafar milliy gvardiyachining yaralanganini tasdiqlagan. Oq uyda zudlik bilan lokdaun (binoga kirish-chiqish to‘liq cheklanadi) joriy etilgan.

Oq uy vakilining ma’lum qilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp tez orada murojaat bilan chiqadi. U otishma sodir bo‘lishidan bir kun avval Florida shtatidagi Mar-a-Lago rezidensiyasiga yetib borgan edi. U yerda 27 noyabr kuni nishonlanadigan Shukronalik kuni bayramini o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Milliy gvardiya qo‘shinlari Vashingtonda avgust oyining o‘rtalarida joylashtirilgan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash maqsadida aynan Trampning topshirig‘i bilan shaharga kiritilgan. 

Bildirilishicha, hujum qilgan shaxs yaralangan va qo‘lga olingan. Rasmiylarga ko‘ra, u 2021 yilda Afg‘onistondan AQSHga kelgan.

Ushbu voqea bo‘yicha surishtiruvni Ichki xavfsizlik vazirligi hamda maxfiy xizmat birgalikda olib bormoqda.

Kolumbiya okrugi meri Myuriel Bauzerning so‘zlariga ko‘ra, Milliy gvardiya askarlariga hujum atayin qilingan. Uning aytishicha, gumonlanuvchi aynan shu askarlarni nishonga olgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp voqeani “terrorizm akti” deb atagan. Truth Social’dagi xabarida u hujumchini “yovuz hayvon” deb tilga olgan va u qilgan jinoyati uchun “juda og‘ir javob” berishini yozgan. 

Guvohlarning aytishicha, voqea sodir bo‘lgan hududda bir necha marta o‘q ovozi eshitilgan, odamlar vahimaga tushib, panaga yugurishgan. CNN va boshqa OAVlar otishmadan keyingi manzaralarni tasvirga olgan: ikki askar yonida yerda yotgan uchinchi shaxsga ham tibbiy yordam ko‘rsatilgani ko‘ringan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Oq uy Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing