Olimlar xavotirda: SI o‘zini o‘zi rivojlantirishi mumkin
Texnologiya
−
05 iyun 8065 3 daqiqa
Anthropic hammuassisi Jek Klark va “The Anthropic Institute” ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Marina Favaro sun’iy intellekt rivojlanishini sekinlashtirish yoki vaqtincha to‘xtatib turishga chaqirdi. Uning bu haqdagi “SI o‘zini o‘zi yaratganda” nomli maqolasi e’lon qilindi.
“Agar ushbu texnologiya rivojlanishini samarali ravishda sekinlashtirish va shu orqali uning ulkan muammolarini hal qilish uchun o‘zimizga ko‘proq vaqt berish imkoniyati bo‘lganida edi, bizningcha, bu juda yaxshi bo‘lardi. Ammo, agar sekinlashish bozordagi eng beparvo ishtirokchilarning texnologik jihatdan yetib olishlariga imkon bersa, bu hamma uchun xavfsizlik darajasini pasaytirib yuborishi mumkin. Global muvofiqlashtirish mexanizmi mavjud bo‘lmasa, kompaniyalar va hukumatlar raqobat hamda geosiyosiy bosim sharoitida xavfsizlikka oid qiyin qarorlarni qabul qilishga majbur bo‘lishadi. Bizning fikrimizcha, ijtimoiy tuzilmalar va SIni insoniyat manfaatlariga moslashtirish sohasidagi tadqiqotlar texnologiyalar rivoji bilan hamqadam bo‘lishi uchun dunyoda ilg‘or SI texnologiyalarini ishlab chiqishni sekinlashtirish yoki vaqtincha to‘xtatib turish imkoniyati mavjud bo‘lishi foydali bo‘lardi”, deyiladi maqolada.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, SI tizimlari allaqachon yangi modellarni ishlab chiqish jarayonini tezlashtirmoqda va ilgari odamlar bajargan vazifalarni tobora ko‘proq o‘z zimmasiga olmoqda. Agar ushbu tendensiya davom etsa, kelajakda o‘z vorislarini mustaqil ravishda loyihalashtirish va o‘qitishga qodir tizim paydo bo‘lishi mumkin. Mualliflar bunday ssenariyni rekursiv o‘z-o‘zini mukammallashtirish deb atagan.
Anthropic kompaniyasi bu holat hali sodir bo‘lmaganini va bu muqarrar emasligini qayd etmoqda. Shu bilan birga, ularning fikricha, bunday burilish nuqtasi davlat va jamiyat institutlari bunga tayyor bo‘lishidan oldinroq sodir bo‘lishi mumkin. Kompaniyaning qayd etishicha, 2026 yilning may holatiga ko‘ra, Anthropic’ning kodlar bazasiga tushayotgan kodlarning 80 foizdan ortig‘i Claude tomonidan yozilgan.
Claude kamroq tuzatishlarni talab qilmoqda, eng ochiq va murakkab vazifalarda esa uning muvaffaqiyat ko‘rsatkichi 2026 yil may oyida 76 foizga yetgan va yarim yil ichida 50 foizlik punktga o‘sgan. Kompaniya Claude kodi sifat jihatidan insonniki bilan deyarli tenglashgan, bir yil ichida esa undan yaxshiroq bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.
Maqolada aytilishicha, Claude aniq belgilab berilgan tajribalarni odamlardan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazishni allaqachon biladi. Masalan, kichikroq modelni o‘qitish uchun kodni optimallashtirish vazifasida tizim jarayonni taxminan 52 barobar tezlashtirishga erishgan, vaholanki tajribali tadqiqotchi bir necha soat ichida buni faqat 4 barobar atrofida tezlashtira olgan.
Shu bilan birga, SI modellari inson tomonidan maqsad aniq belgilab berilgan vazifalarni juda yaxshi bajaradi, biroq yanada mavhum so‘rovlar bilan ishlashga kelganda hozircha qiynalmoqda. Dasturchilar buni hozirgi SI va o‘z vorisini to‘liq mustaqil yarata oladigan tizim o‘rtasidagi eng asosiy to‘siq deb atamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy rasmiylari Pekin tomonidan mamlakat uchun strategik jihatdan muhim deb hisoblanadigan mutaxassislarning chet elga chiqishini taqiqlash amaliyotini xususiy kompaniyalarga ham tatbiq eta boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi