Ozarbayjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi

Olam

image

Moskvadagi ozarbayjonlar milliy-madaniy muxtoriyati kengashi rahbari Baxtiyor Gasanov Rossiya Federatsiyasi fuqaroligidan mahrum qilindi. Bu haqda “Vesti.az” xabar berdi.

“Vesti.az”ning Rossiya OAV manbalariga tayanib xabar berishicha, bunday qarorga uning noqonuniy migratsiya va qalbakilashtirishdan tortib, etnik sabablar bilan mojaro qo‘zg‘ashgacha bo‘lgan yashirin sxemalar bilan aloqalari asos bo‘lgan.

Ayniqsa, Gasanov bir necha bor Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni qo‘llab-quvvatlashini ochiq bayonotlarda bildirgan.

“Biz shunday Prezidentimiz borligidan faxrlanamiz – u dunyo mamlakatlari rahbarlari orasida obro‘-e’tiborli shaxslardan biri”, degan u 2023 yilda.

Gasanovning ismi boshqa mojaroli voqealarda ham tilga olingan. Masalan, Moskva davlat tilshunoslik universitetidagi chiqish paytida u rektorga sovg‘a taqdim etib, u “maxsus ravishda Shusha shahridan olib kelinganini” ta’kidlagani, keyinchalik xotiniga yozgan xatida u buni “armanlarga qarshi qaratilganini” tan olgani iddao qilinmoqda.

Manbalarga ko‘ra, Gasanovning Ozarbayjonda nufuzli homiylari bo‘lgan, ammo fuqarolikdan mahrum qilingach, uning Rossiyada rasmiy ravishda manfaatlarni ifodalash va turli kengashlarda lavozim egallash imkoniyatlari sezilarli darajada cheklanadi. Ma’lumot uchun, u Rossiya pasportini 2000 yillarda olgan.

Qayd etish joiz, Gasanovni fuqarolikdan mahrum qilish hamda boshqa ozarbayjonliklarning qo‘lga olinishi Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuvidan keyin sodir bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Ozarbayjonda tug‘ilgan, Rossiya fuqaroligiga egaligi aytilgan o‘nlab shaxslar 2001-2011 yillardagi qotilliklarga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olindi. Ulardan ikki nafari vafot etdi. Bu hodisadan keyin Baku shahrida o‘nlab Rossiya fuqarolari, jumladan josuslikda gumonlangan “Sputnik Ozarbayjon” jurnalistlari hibsga olingan. Rossiya va Ozarbayjon o‘zaro norozilik notalarini almashdi.

Joriy yilning iyul oyi boshida Rossiyaning Moskva viloyatidagi yana bir Ozarbayjon diasporasi rahbari Elshan Ibragimov Rossiya fuqaroligidan mahrum qilingandi. Bunga Ibragimovning joriy yilning 18 iyun kuni “Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar sodir etgani” sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, yana bir Rossiyadagi ozarbayjon diasporasi rahbarlaridan biri Shahin Shixlinskiy Moskvada qo‘lga olinib, so‘roq uchun Yekaterinburgga olib ketilgandi. Tergov harakatlari avvalroq hibsga olingan jinoyat ishlaridan biri doirasida olib borilmoqda. “66.ru” manbasi, o‘z navbatida, Shixlinskiyga qarshi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilganini da’vo qilmoqda: qotillik va hukumat amaldoriga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash moddalari bo‘yicha. Diaspora rahbarining aniq maqomi hozircha noma’lum. Joriy yilning iyul oyi oxirida Shixlinskiy jinoyat moddasi bilan qidiruvga berilgan. Biroq IIV ma’lumotlar bazasidagi kartochkada qaysi modda bo‘yicha ekani ko‘rsatilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon diasporasi Baxtiyor Gasanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing