Ozarbayjon Eron uyushtirmoqchi bo‘lgan hujumlarni to‘xtatib qoldi
Olam
−
07 mart 9102 2 daqiqa
Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator hujumlarning oldini oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu rejalar Eronning eng muhim harbiy-siyosiy tuzilmalaridan biri Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu haqda “Azertac” xabar berdi.
Tergovga ko‘ra, hujumlar orqali mamlakatda vahima uyg‘otish va Ozarbayjonning xalqaro obro‘siga zarar yetkazish maqsad qilingan. Nishon sifatida quyidagi ob’ektlar tanlangan:
- Baku–Tbilisi–Jeyxan neft quvuri;
- Ozarbayjondagi Isroil elchixonasi;
- Tog‘ yahudiylari diniy jamoasining rahbarlaridan biri;
- Ashkenaz yahudiylari sinagogasi.
Tergov davomida mamlakat hududiga olib kirilgan 3 ta portlovchi qurilma aniqlanib, zararsizlantirilgan. Ulardan biri Bakudagi Shixov qishlog‘i yaqinidagi joydan topilib, uning ichida 7,7 kg S-4 portlovchi moddasi borligi aniqlangan. Bu modda yer ostida joylashgan quvurlar yoki beton inshootlarni portlatish uchun mo‘ljallangan.
DXX operativ kuzatuvlari natijasida portlovchi qurilmalarni yashirish va olib ketish bilan shug‘ullangan bir nechta shaxslar aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim Ozarbayjon fuqarolari Eron fuqarolari bilan jinoiy aloqa o‘rnatib, portlovchi moddalarni yashirish va yetkazib berishda qatnashgan.
Shuningdek, tergov davomida yana bir portlovchi qurilma Bakudagi kemasozlik zavodi yaqinidan topilgan. Uning zarba radiusi 250–300 metr ekani aniqlangan.
Bundan tashqari, tergov jarayonida ayrim shaxslar Ozarbayjonda yashovchi yahudiy millatiga mansub shaxslarga qarshi suiqasd rejalari tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar olgani ham ma’lum bo‘lgan. Ulardan biri jamoat arbobiga suiqasd uyushtirish uchun 80 ming manat mukofot va’da qilgani aniqlangan.
Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati o‘tkazgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu hodisalarning oldi olingan. Bir nechta Ozarbayjon fuqarolari qo‘lga olingan va ular ayblarini tan olgan. Ularning ayrimlari 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur terror rejalarini tashkil etishda Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi razvedka tuzilmasining polkovnik unvonidagi xodimi Ali Asgar Bordbar Sherami asosiy tashkilotchilardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Mazkur jinoyatlarni tashkil etishda gumon qilinayotgan bir necha Eron fuqarosi xalqaro qidiruvga berilgan. Ozarbayjon maxsus xizmatlari xorijiy razvedkalar bilan bog‘liq terror va provokatsiya rejalari yuzasidan tergovni davom ettirmoqda.
Live
Barchasi