Ozarbayjonda Qorabog‘ urushidagi g‘alabaga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi (fotoreportaj)
Olam
−
09 noyabr 5948 3 daqiqa
8 noyabr kuni Bakudagi Ozodlik maydonida Ozarbayjonning Vatan urushidagi g‘alabaning besh yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AZERTAC xabar berdi.
Paradda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, birinchi xonim Mehribon Aliyeva, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirok etdi.


Paradda dastlab Ozarbayjon, Turkiya va Pokiston davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng, Milliy lider Haydar Aliyev va shahidlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi. Mudofaa vaziri, general-polkovnik Zokir Hasanov Ozarbayjon Prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Ilhom Aliyevga hisobot berdi.
Maydon bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining barcha bo‘linmalaridan kolonnalar o‘tdi, zamonaviy tanklar, zirhli texnikalar, uzoq masofaga uchuvchi raketa tizimlari, artilleriya qurollari ham namoyish etildi. Paradda Pokiston Qurolli kuchlari bo‘linmalari va Turkiya Prezidenti gvardiyasi tantanali polki bataloni ham ishtirok etdi.



“Aziz birodarim Erdo‘g‘an Ikkinchi Qorabog‘ urushining dastlabki soatlaridanoq Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatladi. Uning “Ozarbayjon yolg‘iz emas” degan so‘zlari butun dunyoga xabar bo‘ldi. Ozarbayjon xalqi bu yordamni hech qachon unutmaydi”, dedi Aliyev o‘z nutqida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi, chunki “mamlakat o‘z yerlarini qaytarib olish uchun o‘ttiz yil davomida mehnat qilib, kuchli iqtisodiyot, mustaqil tashqi siyosat va zamonaviy armiya yaratdi”.

“Biz Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurga ularning haqiqiy egalari sifatida qaytdik. Bu yerda Ozarbayjon bayrog‘i abadiy hilpiraydi. Qorabog‘ Ozarbayjon”, dedi Aliyev.




U urushdan vayron bo‘lgan hududlarni tiklash jadallik bilan davom etayotgani, mintaqada 60 ming kishi istiqomat qilayotganini ta’kidladi.
Parad yakunida Ozarbayjonning dronlari va Turkiya harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotlari shahar uzra parvoz qildi.

Ushbu parad Ozarbayjonda mamlakat G‘alaba kunining besh yilligi munosabati bilan o‘tkazildi, bu milliy bayram – bosib olingan hududlarning salmoqli qismi ozod qilingani va 44 kunlik Ikkinchi Qorabog‘ urushidagi g‘alabaga bag‘ishlangan.
1991 yildan beri Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati chegaralarida tashkil etilgan o‘zini o‘zi e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Yerevan ko‘magida Armaniston ma’muriyati tomonidan boshqarilgan. Mintaqaning an’anaviy ozarbayjon tumanlari Armaniston harbiy kuchlari tomonidan bosib olingan. Bu yillar davomida Baku Tog‘li Qorabog‘ning butun hududini, shuningdek, unga tutash yetti tumanni qaytarib olish maqsadini ko‘zlagan. Bunga faqat 2020 yilda erishildi: yetti tuman va Qorabog‘ning bir qismi Ozarbayjonga qaytarildi. 2023 yilning sentyabr oyi oxiriga kelib Baku amalda butun bahsli hududni nazorat ostiga oldi.
2020 yil 3 dekabrda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ozarbayjonda 27 sentyabrni Xotira kuni deb belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ozarbayjon rahbarining boshqa farmoyishiga ko‘ra, Shusha shahri ishg‘oldan ozod qilingan kun – 8 noyabr Ozarbayjonda G‘alaba kuni sifatida tantanali ravishda nishonlanadi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ko‘p yillik shiddatli mojaro va o‘zaro nafrat ritorikasiga qaramay, 2025 yilning avgust oyida ikki tomon Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligida Tinch munosabatlar deklaratsiyasini imzolash orqali munosabatlarni normallashtirishga sodiqligini namoyish etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat armiyasini NATO standartlari bo‘yicha tayyorlash haqida bayonot bergandi.